Misrning Iskandariya shahrida para dzyudo bo‘yicha yakunlangan xalqaro Gran-pri turnirida o‘zbekistonlik matonatli sportchilar 6 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasida J1 klassida 57 kilogramm vaznda Hosiyat Foziljonova bronza medali uchun AQSHlik Liana Mutia bilan kurash olib bordi va g‘oliblikka erishdi. Yana bir irodali para dzyudochi qizimiz Feruza Ergasheva J1 klassida +70 kilo og‘irlikda bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Erkaklar o‘rtasida J2 klassida +90 kg. vazn toifasida Aloviddin Jo‘raqulov finalda gruziyalik Zviat Gogotchuri bilan oltin medal uchun bellashdi. Shiddatli bahs yakunida hamyurtimiz kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Dunyoning 30 dan ortiq davlatidan para dzyudochilar qatnashgan nufuzli musobaqada terma jamoamiz 2 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza, jami 6 ta medal bilan umumjamoa hisobida 4-o‘rinni egalladi.
Bugun, 16 mart kuni Misrda muvaffaqiyatga erishgan irodali sportchilarimiz Toshkentga qaytib keldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA