Professional boksning WBA yo‘nalishida munosib janglar o‘tkazayotgan hamyurtimiz Otabek Xolmatov yarim yengil vaznda chempionlikka da’vogar sifatida rasman tan olindi.
Bu haqda Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) xabar berdi. Otabek Xolmatov WBA chempionlik kamari uchun meksikalik Maurisio Lara bilan jang qilish ehtimoli borligi, uning jamoasi joriy yil 18 aprelga qadar ixtiyoriy himoya jangini kimga qarshi o‘tkazishi bo‘yicha qaror qabul qilishi lozimligi va ushbu muddatda kutilgan to‘xtamga kelinmasa, WBA yarim yengil vazndagi chempionlik masalasida Otabek Xolmatov Maurisio Laraga qarshi ringga ko‘tarilishi ta’kidlandi.
Professional boksda 11 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alabaga erishgan sirdaryolik Otabek Xolmatov ayni paytda WBA yo‘nalishida chempionlikka da’vogar sifatida e’tirof etilgan bo‘lsa, IBF reytingida kuchli yettilikda qayd etilgan.
Shuningdek, bokschimiz vRINGe.com talqini bo‘yicha ushbu vaznda dunyoning eng kuchli o‘ntalik charm qo‘lqop ustalari qatorida e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, Otabek Xolmatov joriy yilning 5 martida WBA Eliminator jangida britaniyalik Tomas Patrik-Uordni mag‘lub etgan edi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA