Bugun, 15 mart kuni Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida O‘zbekiston terma jamoasi U-20 Osiyo kubogi final yo‘llanmasi uchun Janubiy Koreya termasiga qarshi maydonga tushdi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Ravshan Haydarovning texnik-taktik sxemasi asosida harakatlangan futbolchilarimiz birinchi va ikkinchi bo‘limda munosib o‘yin ko‘rsatdi.
33 ming 977 nafar ishqiboz guvohligida o‘tgan o‘yin so‘nggi daqiqagacha davom etdi. Finalchi penaltilar seriyasida aniqlandi.
Iroda va matonat namoyish etgan futbolchilarimiz bu borada omadli ekanligini isbotladi.
Terma jamoamiz darvozaboni Otabek Boymurodov koreyalik futbolchilar bilan 11 metrlik qarama-qarshilikda o‘z mahoratini namoyish etib, qahramonga aylandi va hamyurtlarimizni finalda yana iroqliklar bilan ro‘baro‘ kelishini ta’minladi.
Darvoqe, yarim finalning ikkinchi juftligida Iroq-Yaponiya “dueli”da iroqliklar finalda kurashishga haqli ekanliklarini namoyish etdi.
Endi 18 mart kuni “Bunyodkor” stadionida o‘tadigan qit’a kubogi finalida O‘zbekiston-Iroq chempionlik uchun maydonga tushadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA