O‘zbek va turkman xalqlari azaldan do‘st, qardosh, birodar, tarixi, madaniyati, orzu-umidlari bir-biriga vobasta bo‘lgan xalqlar sanaladi.

O‘zaro tarixiy-madaniy aloqalar o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik birodarlikning mustahkam tamal toshi bo‘lib kelmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi festivali ishtirokchilariga” yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, chin qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini yanada kuchaytirishga qaratilgan ushbu muhim tadbir elu yurtlarimizning umumiy ezgu maqsadlari va orzu-intilishlari mushtarak ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqlaydi.

Shu kunlarda qardosh Turkmanistonning Dashoguz shahrida O‘zbek va turkman xalqlari festivali yuqori saviyada, chinakam do‘stlik, qardoshlik, san’at va madaniyat bayrami sifatida o‘tkazilgani bu fikrlarni yana bir karra tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, festival rang-barang konsertlar, ijodiy uchrashuvlar, muloqotlar, badiiy, amaliy san’at ko‘rgazmalariga, kino va teatrlar namoyishiga boy bo‘ldi.

O‘zbekiston va Turkmaniston madaniyat va san’at ustalarining hamkorlikdagi konsert dasturi barchada katta taassurot qoldirdi. Unda o‘zbek va turkman kuy-qo‘shiqlari yangradi. Ishtirokchilar o‘zlari suygan qo‘shiqlarni o‘zbek san’atkorlari bilan birgalikda ijro etdilar.

Ikki xalqning buyuk mutafakkir shoirlari – Alisher Navoiy va Maxtumquli she’rlaridan namunalar o‘qilib, milliy raqslar ijro qilindi.

Do‘stlik festivali doirasida 17 noyabr kuni Dashoguz shahridagi Dashoguz viloyati kutubxonasida O‘zbekiston va Turkmaniston yozuvchi hamda shoirlarining ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat rahbarlarining yuksak e’tibori, qo‘llab-quvvatlashi va ko‘magi bilan tashkil etilgan ushbu o‘ziga xos do‘stlik bayramining ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi. Do‘stlik bayramining xalqlarimiz madaniyati, san’ati va adabiyoti rivoji uchun keng ufqlar ochgan, o‘zaro hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlagan tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida katta ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi.

Shu kuni Dashoguz viloyati Dilevar qishlog‘i madaniyat uyida ikki mamlakat kino ijodkorlarining ijodiy uchrashuvi va o‘zbek-turkman filmlari namoyishi ham bo‘lib o‘tdi. Xususan, O‘zbekiston tomonidan tomoshabinlar e’tiboriga “Ayol qismati” filmi havola qilindi.

Festivalning tantanali yopilish marosimi esa Dashoguz shahridagi Nurmuhammad Andalib nomidagi musiqali teatrda bo‘lib o‘tdi.

Unda o‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi festivali ishtirokchilarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga murojaati o‘qib eshittirildi.

Murojaatdan so‘ng turkman ijodkorlari tomonidan “Iqror Otashi” spektakli namoyish etildi.

 

Shuning bilan o‘zbek va turkman xalqlari do‘stligi festivali yakunlandi. Ushbu do‘stlik festivali o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik, hamjihatlik rishtalari keyingi yillarda rivojlanish bosqichiga chiqqanini yana bir karra namoyon etdi.

Nazokat USMONOVA,
    O‘zA muxbiri