Maktabgacha ta’lim tizimini yuksaltirish, bolalarni maktabga sifatli tayyorlash doimiy e’tiborda. Shavkat Mirziyoyev hududlarga tashrifi davomida bunday muassasalarda bo‘lib, muammolarni o‘z vaqtida hal etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berib keladi.
Prezidentning 2016-yil 29-dekabrdagi “2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bunday muassasalar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi bog‘chalar qurish ishlari butun mamlakatda amalga oshirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi farmoni bilan esa Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Yangi vazirlikning asosiy vazifalari bosqichma-bosqich barcha bolalarni maktabgacha ta’lim tizimiga qamrab olish, mamlakatda o‘zaro raqobat qiluvchi davlat va nodavlat MTMlari tarmog‘ini yaratish, amaliyotga maktabgacha ta’lim va bolalarni tarbiyalashning muqobil shakllarini joriy etishdan iborat.
54-maktabgacha ta’lim muassasasi 280 o‘ringa mo‘ljallangan. Bog‘cha binosi o‘tgan yili kapital rekonstruksiya qilinib, zamonaviy jihozlandi. Bu yerda 31 nafar pedagog va tarbiyachi bolalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda.
Prezidentga bog‘chada tajriba tariqasida tashkil etilgan qisqa muddatli boshlang‘ich rivojlantirish markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi. Yangi tizimning afzalligi qisqa muddatli guruhlarda bolalarga mantiq, mental arifmetika, ingliz tili, amaliy va tasviriy san’at turlari interfaol usullar orqali o‘rgatiladi. U hududdagi bog‘chaga qamrab olinmagan bolalarni maktabga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezident mazkur muassasani viloyatdagi bog‘chalar uchun metodik tajriba almashish markaziga aylantirish, sohani yetuk mutaxassislar bilan ta’minlash, xususan, pedagogika kollejini tugatgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslariga yuborib, ularni MTMlarga ishga joylashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.