Joriy yilning 7-8 may kunlari Boysun tumanidagi Padang kengliklarida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tdi.

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 7 fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘tkazilgan festivalda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan martabali mehmonlar, soha mutaxassislari, sanatkorlar va muhlislar ishtirok etdi.

Milliy qadriyatlar ulug‘langan shodiyonada mamlakatimiz folklor san’ati ustalari, Buyuk Britaniya, Fransiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlari sanatkorlari xalq og‘zaki ijodining eng go‘zal navolari, milliy an’analarini yuksak mahorat bilan tarannum etdi.

Madaniyat hamda Turizm va madaniy meros vazirliklari, YUNESKO,Surxondaryo viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan festival qadimiy va hamisha navqiron janubdagi vohaning boy sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgani ham ahamiyatli bo‘ldi.

Padang kengliklarida yuzdan ortiq o‘tov uylar o‘rnatilib, milliy qadriyatlarimizga mos bezatilgani, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar hamda Termiz shahri va tumanlardan kelgan hunarmandlarning mahsulotlari,milliy taomlar ko‘rgazmasi barchada katta qiziqish o‘yg‘otdi. Turli sport musobaqalari, baxshi-oqinlar tanlovi, ot ustida kurash, chillak, arqon tortish,milliy kurash singari o‘nga yaqin milliy xalq o‘yinlari o‘tkazilib, g‘oliblar taqdirlandi.

-Milliy hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi bizga juda yoqdi, -deydi Fransiyalik sayyoh Anna Maria.- Tinch, obod O‘zbekistonning milliy-qadriyatlarini, urf-odatlari bilan tanishdik. Nafaqat o‘zbek xalqining qadimgi og‘zaki ijodi, balki boshqa qator davlatlarning ham folklor sanatini tomosha qildik. Festival bizda boy taassurot o‘yg‘otdi.

Qizg‘in baxslarga boy bo‘lgan kurash bellashuvlarida mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan dongdor polvonlar o‘zaro kuch sinashdi. +90 kilogramm vazn toifasidagi yakuniy bahslarda Surxondaryo viloyati sherobod tumanilik Muhammadkarim Xurramov g‘olib bo‘ldi va 20 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Boshqa vazn toifasida g‘oliblar shoxsupasidan o‘rin olgan polvonlar ham munosib rag‘batlantirildi.

Xalqaro festivalning tantanali yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, o‘zbekiston davlat sanat va madaniyat instituti rektori, xalqaro ko‘rik-tanlov hakamlar hayati raisi O‘razali Toshmatov va boshqalar joriy yilda o‘tkazilgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining dunyo xalq og‘zaki ijodi durdonalarini keng targ‘ib qilish va kelgusi sanateorlarning ijro mahoratini baholash mezonlari har bir jamoa chiqishi ijro mahorati nizomda belgilangan tartiblar asosida baholangani haqida atroflicha so‘z yuritdi. Mazkur festival YUNESKO shafeligiga qabul qilinganini malum qildi. Festival muhlislariga ochiq osmon ostida ikki kun davomida nomoddiy madaniy meros durdonalarini faxr bilan namoyish etgan sanatkorlar, hunarmandlar, etnosportchilar va boshqa o‘z sohasining fidoyilariga ijodkorlariga chuqur minnatdorlik bildirdi. G‘oliblarni tabrikladi.

Hayojonli kechgan taqdirlash marosimida folklor sanati, milliy xalq o‘yinlari va tomosha sanati bo‘yicha tashkil etilgan ko‘rik-tanlov g‘oliblari elon qilindi. Unga ko‘ra, folklor yo‘nalishida 1-o‘rinni Surxondaryo viloyatidagi “Boysun” folklor-etnografik xalq ansanbli egalladi. 2-o‘rin Xorazm viloyatidagi “Jo‘ralar”, Tojikiston Respublikasining “Bibiho” folklor ansanbllariga nasib etdi. 3-o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasining “Oq machit”, Qirg‘iziston Respublikasining “Ibrat”, Navoiy viloyatining “Navoiy” folklor ansanbllari qo‘lga kiritdi. Xalq o‘yinlari va tomosha san’ati yo‘nalishida 1-o‘rin Jizzax viloyati, 2-o‘rin Surxondaryo, Toshkent viloyatlari, 3-o‘rin Andijon,Farg‘ona,Navoiy viloyatlari jamoalariga nasib etdi. Shuningdek, nominatsiyalar g‘oliblari ham aniqlandi. G‘olib va sovrindorlarga maxsus diplom, festival ramzi tushurilgan esdalik sovg‘alar, pul mukofotlari topshirildi.

To‘rizm va madaniy meros vazirligi tamaddun beshigi, tilsimotlar maskani bo‘lgan Boysunni “Turizm tumani”, deb e’lon qildi va tuman hokimi Asqarali Jo‘rayevga ushbu yuksak e’tirofning ramziy kalitini topshirdi.

Marosim qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.

 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, Muhammad AMIN(surat), O‘zA