“Lazgi” – muhabbat va qalb raqsi”, “Lazgi” – dunyodagi eng quyoshli va olovli raqs”, “Lazgi” – ruh va sevgi raqsi”, “Lazgi” jozibazi –qalblarni larzaga solar”, “Lazgi” – o‘ynamasang o‘ynatadi” “Dillarga darmon “Lazgi”
Xorazm lazgisiga berilgan ta’riflarning adog‘i yo‘q. Xorazm asrlar mobaynida insoniyatning ma’naviy va moddiy madaniyati rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelgan. Xalqimizning badiiy dahosi bilan yaratilgan ushbu san’at mo‘’jizasining paydo bo‘lishi ham uch ming yillarga borib taqaladi. Lazgi haqida turli afsona va rivoyatlar mavjudligi ham shundan dalolat beradi.
Xorazmda jori yil ilk bor “Lazgi” xalqaro raqs festivali o‘tkazildi. Unda dunyoning turli mamlakatlari, yurtimizning turli hududlaridan madaniyat va san’at sohasi vakillari tashrif buyurdi. Tadbirlar doirasida “Ichan-qal’a” majmuasi hududida raqs san’atiga oid ko‘rgazmalar, milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalaridan iborat rang-barang ko‘rgazmalar tashkil etildi. Shuningdek, kitoblar savdosi, yarmarkasi ham o‘tkazildi.
Xiva shahridagi “Faravon” mehmonxonasida “Lazgi” xalqaro raqs festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbir doirasida o‘tkazilgan “O‘zbek milliy raqsining jahon raqs san’atidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada qator xorijiy mamlakatlardan raqs san’ati ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar, faxriy mehmonlar ishtirok etadi.
– O‘zbekistonga ilk bor kelishim, – deydi bolgariyalik raqqosa Anelia Ivanova. – Ertakmonand shaharda ushbu tadbirning tashkil etilishi qandaydir ilohiylik kasb etgan. Ushbu navoni tinglar ekansiz qanday raqsga tushib ketganingizni o‘zingiz sezmay qolasiz. Men vatanimga bir olam taassurotlar bilan qaytayapman.
Xalqaro raqs festivali doirasida o‘tkazilgan xalqaro raqs tanlovining g‘oliblari ham e’lon qilindi. Tanlovda o‘zbekistonlik raqqosa Dilnoza Ortiqova gran-priga loyiq, deb topildi va 7 ming dollar pul mukofoti bilan taqdirlandi. “Eng yaxshi raqs jamoasi” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rin Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining “Tumor” raqs ansambliga nasib etdi. “Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni o‘zbekistonlik Sherzod Kenjaboyev va qozog‘istonlik Gulnur Kassimbek egalladi. “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni Bolgariyaning “Pirin” raqs jamoasi oldi.
– Men oddiy sayyoh sifatida Rossiyaning Moskva shahridan Xivaga kelgandim, – deydi Anna Karayeva. – Shunday ajoyib xalqaro tadbirning guvohi bo‘layapman. Haqiqiy ma’noda san’at va madaniyat bayrami desa bo‘ladi. “Lazgi” xalqaro raqs festivali yakunlandi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA