Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivali davom etmoqda. Nufuzli anjuman doirasida “Xorazm lazgi raqsi: milliy raqslarning rivojlanishi va ularning hozirgi davrdagi ahamiyati” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkazildi.

“Lazgi” raqsi O‘zbekiston madaniy merosining elementi sifatida Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. Bu haqdagi qaror 2019 yil 12 dekabr kuni YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 14-sessiyasida qabul qilingan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan mazkur xalqaro festival ham “Lazgi” raqs san’atini asrab-avaylash va keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

YUNESKO, Turizm va madaniy meros, Madaniyat vazirliklari, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa idoralar hamkorligida tashkil etilgan xalqaro festivalga dunyoning ko‘plab davlatlaridan san’atshunos olimlar va soha mutaxassislari tashrif buyurgan.

Festival doirasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada mamlakatimiz va xorijdan kelgan olimu tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Ikki kun davom etgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya davra suhbati formatida o‘tkazildi. Unda “Lazgi”ining jahon raqs san’atida tutgan o‘rni haqida fikr almashildi.

Tadbirda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etdi. “Lazgi” raqsi YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilishidagi xizmatlari uchun O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubovaga “O‘zbekiston Xoreografiya akademiyasining faxriy professori” unvoni berildi.

–Ushbu festival milliy raqs san’atini asrab-avaylash va rivojlantirish, yoshlarda san’atga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini kamol toptirish, ijodiy aloqalar doirasini xalqaro miqyosda kengaytirishga xizmat qiladi, – deydi Gavhar Matyoqubova. – Kichik xizmatlarimni yuqori baholab, faxriy professor unvonining berilishi menga yanada kuch va mas’uliyat bag‘ishladi. Endilikda ajdodlarimizning qadimiy raqs namunalarini asrash, ularni yoshlarga o‘rgatish kabi ezgu amallarni kanda qilmayman. Davlatimiz rahbariga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada nafaqat o‘zbek raqslari balki xorijiy raqslarning kelib chiqish tarixi, o‘xshash va tutash jihatlari ham muhokama qilindi.

– Mazkur konferensiya men o‘ylaganimdan ham samaraliroq bo‘ldi, – deydi amerikalik san’atshunos olim, xoreograf Lora Grey. – Chunki ilmiy amaliy tadbirda “Ko‘chib yuruvchi xalq raqslari an’analari: Britaniya hind jamiyatlari”, “Raqsda so‘g‘d aylanmasini o‘rganish”, “San’at: o‘tmish va hozir”, “Amaliy etnomusiqashunoslik: Sharq mentaliteti, musiqa va raqs muammolari”, “Ipak yo‘li mamlakatlari taraqqiyoti va gullab-yashnashi uchun kirish” , “ Raqs san’atida to‘y marosimi uchun yapon ayollar liboslari» kabi mavzulardagi ma’ruzalarning o‘zi festival nechog‘li ahamiyatli ekanligidan dalolat bermoqda.

–Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ishtirok etish uchun AQSH, Bolgariya, Qozog‘iston, Malayaziya va Tojikistondan xoreograflar, baletmeysterlar, san’atshunos olim, professorlar kelgan, – dedi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi o‘qituvchisi Dilafruz Do‘stjonova.– Davra suxbatida ana shu olimlar tomonidan raqs san’atini rivojlantirish, kelajakda uni ilmiy tadqiq etish yuzasidan aniq takliflar ilgari surildi. O‘ylaymanki, yakuniy natija “Lazgi” raqsi butun dunyoda yanada ommalashishiga xizmat qiladi.

– Men Xiva shahridagi “Ichan-qal’a” majmuasida bo‘lib o‘tgan festivalning ochilish marosimi haqida to‘xtalmoqchiman, – dedi Tojikistonning “Zebo” davlat ansambli rahbari Zebo Aminzoda. – Rang-barang chiroqlar yog‘dusida shahar o‘zgacha qiyofa kasb etdi. Asrlar davomida boqiy turgan tarixiy obidalar, lazgining yuksak ijodiy namoyishi bilan yanada go‘zal manzara kashf etdi.

Bexos sehrli kuyga, qo‘shiqqa solingan orombaxsh navo tarovati dilingizga xushnudlik bag‘ishlaydi. Quloqqa yoquvchi ajib navo tanangizni junbushga keltirib qo‘llarni harakatga keltirishga, ya’ni raqsga chorlaydi. Tili, dini, millatidan qat’i nazar, o‘ziga ohanrabodek tortadigan san’at namunasi – bu Lazgidir.

“Lazgi” xalqaro raqs festivali doirasida raqs san’atiga bag‘ishlangan ko‘rgazma, milliy cholg‘u asboblari va liboslari, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi hamda “Ichan-qal’a” majmuasi hududida ularning savdosi tashkil etilgan.

Festival doirasida o‘tkaziladigan “Lazgi” raqs tanlovi 3 ta nominatsiya “Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrochisi”, “Eng yaxshi raqs jamoasi” va “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs” bo‘yicha baholanadi.

Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA muxbiri