Moʻynoqda qariyb 27 trillion soʻmlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 yanvardagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori bilan Moʻynoq tumanida 2019-2021 yillarda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida qariyb 27 trillion soʻmlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Ushbu hujjat bilan sanoat sohasiga 33 ta, xizmat koʻrsatish sohasiga 34 ta va qishloq xoʻjaligi sohasiga 8 ta, jami 75 ta loyiha jalb qilinishi nazarda tutilgan.

– Moʻynoqda 3 yil ichida 26 trillion 974 milliard 827 million soʻmlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Lekin bu hali hammasi emas. Moʻynoqda biznes qilaman, investitsiya kiritaman, degan tadbirkorlar kundan-kun koʻpaymoqda, – deydi Moʻynoq tumani hokimi Saylaubay Daniyarov. – Hukumat qarorida nazarda tutilgan 75 ta loyiha tadbirkorlarning oʻz mablagʻlari (338 milliard 755 million soʻm), tijorat banklarining kreditlari (99 milliard 672 million soʻm) hamda xorijiy investitsiyalar va kreditlar (3 milliard 194 million AQSH dollari) hisobidan amalga oshiriladi. Bulardan eng yirik loyihalar sifatida “Global project capital” qoʻshma korxonasi tomonidan amalga oshiriladigan gazni qayta ishlash orqali polietilen va polipropilen mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini aytish mumkin. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 16 trillion 600 milliard soʻm (yoki 2 milliard dollar) boʻlib, uni amalga oshirish muddati 2020 yil mart oyigacha belgilangan. Yana bir yirik loyiha ushbu korxona tomonidan tumanimizda tashkil qilinadigan turizm komplekslari (mehmonxona va koʻngilochar dam olish markazlari, savdo markazlari va boshqalar)dir. Bu loyihalarni amalga oshirishga jami 1 milliard dollar jalb qilinadi. Shuningdek, “Siemens“ qoʻshma korxonasi tomonidan 150 million dollar evaziga 120 MVt. quvvatga ega shamol elektrogeneratori qurish rejalashtirilgan. Loyiha 2020 yil dekabr oyida ishga tushiriladi.

Mazkur raqamlar Moʻynoqning yurtimizdagi yirik sanoat shaharlaridan biriga aylanishini anglatmoqda. 3 yilda tumanda misli koʻrilmagan ishlar qilinadi. Shu vaqtga qadar chorva ozuqasi sifatida foydalanib kelingan yoki shunchaki yoqib yuborilgan qamishdan qogʻoz (sellyuloza) va qurilish materiallari ishlab chiqaradigan ikkita korxona barpo etiladi. Nafaqat moʻynoqliklarni, balki barcha yurtdoshlarimizni quvontirgan bu yangilik bir vaqtlari minglab kishilarni ish bilan taʼminlab, dunyoga dong taratgan Moʻynoq baliq-konserva zavodining qayta tiklanishi boʻlmoqda. “Moʻynoq akva sanoat“ DUK tomonidan amalga oshiriladigan ushbu loyiha 2019 yil oxirida ishga tushiriladi. Hozir zavodning qurilish ishlariga start berilgan.

– Bu el Moʻynoq tumani deb atalgani bilan uning markazini doimo shahar deb kelganmiz, – deydi Oʻzbekiston faxriylarni qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi kengashi raisi Sharap Usnatdinov. – Chunki 1931 yil iyun oyida baliqchilik va baliqchilik sanoatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan tuman koʻp oʻtmay sanoatlashgan, yurtimizning Yevropaga chiqadigan dengiz porti bor shahriga aylangan edi. 1940 yili ishga tushirilgan baliq-konserva zavodi 1952 yilgacha bevosita markaz tasarrufida edi. 1943 yilning oktyabr oyida frontga koʻp miqdorda goʻsht va baliq konservasi, tuzlangan baliq joʻnatilgan. “Moʻynoq”, “Uchsoy”, “Urge”, “Qozoqdaryo”, “Moypoz” baliq yetishtirish va qayta ishlash zavodlari paydo boʻlgan. Bu kombinat dengiz qurishigacha yiliga 17 million donaga yaqin konserva chiqarardi.

90-yillarga kelib Orol fojiasi tumanning barcha infratuzilmasini, dengizda baligʻini, yerda dehqonchiligini buzib yubordi. Endi Oroldan uchgan tuzli qum Markaziy Osiyo doirasidan chiqib, butun dunyoga xavf tugʻdira boshladi…

Oʻtgan asrning 30-yillari moʻynoqlik shoir Ayapbergen Musayev “Bu rayonning ikki yoqdan qoʻli bor, dehqonga yer, baliqchiga koʻli bor“, deb kuylagan edi.

Mana, bugunga kelib Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida “Moʻynoqning ming qoʻli paydo boʻlmoqda“, deyish mumkin. Chunki bu yerda dehqonga yer, baliqchiga koʻl avvaldan mavjud boʻlsa, endi Orolning qurigan tubidan gaz otilib chiqmoqda, turizm rivojlanmoqda, katta-katta korxonalar barpo etilmoqda.

Moʻynoqning kelajagini AQSHning Las-Vegas shahriga oʻxshataman, – deydi davom etib Sh.Usnatdinov. – Las-Vegas shahri ham Amerikaning Nevada shtatidagi Maxova degan choʻlistonda qurilgan, eng qizigʻi, ushbu shaharga ham 1931 yilda asos solingan. Moʻynoq ham bugun dengiz chekinib ketganidan keyin sahro quchogʻida qolib ketdi. Kelajakda bu shahar ham sahro moʻjizalarining biriga aylanishiga shubha yoʻq.

 

Ye.Qanoatov, OʻzA