Shavkat Mirziyoyev Shahrisabzdagi xususiy maktabgacha ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi

Xalqimiz – bolajon. Farzandlari o‘zidan o‘zishini, har tomonlama rivojlangan, barkamol bo‘lib ulg‘ayishini niyat qilib yashaydi. Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga davlat muassasalari bilan birga nodavlat bog‘chalar ham keng jalb etilayotgani zamirida ana shu ezgu orzu-umidlarimiz mujassam.
 
Prezidentimiz Shahrisabz shahrida davlat sherikligi asosida tashkil etilgan “Vunderkind” (Bilimdon bolalar) nomli xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishish asnosida asosiy e’tiborni ayni shu masalaga qaratdi.
Ingliz tili va kompyuter bilimlarini chuqur o‘rgatishga ixtisoslashgan mazkur nodavlat bog‘chada maktabgacha ta’limda bola shaxsini rivojlantirishga qo‘yiladigan davlat talablarining asosiy yo‘nalishlari qamrab olingan. Har bir qavatdan kichkintoylarning intellektual, estetik va jismoniy salohiyatini o‘stirish uchun unumli foydalanilgan.
Birinchi qavatda musiqa va raqs, sport zallari, shaxmat-shashka xonasi, mo‘’jaz qo‘g‘irchoq teatri joylashgan. Ikkinchi qavatda ovqatlanish, tibbiyot xonalari mavjud. Uchinchi qavatda maktabga tayyorlov guruhi va kichik yoshdagi guruhlar uchun mashg‘ulot xonalari, 2 ta yotoqxona o‘rin olgan. Hovlidagi o‘yin maydonchasi turli attraksionlar bilan jihozlangan.
Prezidentimiz muassasada yaratilgan sharoitni yuksak baholadi. Mazkur bog‘cha misolida Shahrisabz shahrida yana 25 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etish, bog‘cha mudirasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofot sovrindori Shahnoza Xolmahmatovaga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yengil avtomobil sovg‘a qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Bunday muassasalarni qurishdan asosiy maqsad farzandlarimizning maktabga tayyor bo‘lib chiqishini ta’minlashdir, dedi davlatimiz rahbari.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda Qashqadaryo viloyatida xususiy sheriklik asosida hamda davlat tomonidan quriladigan maktabgacha ta’lim muassasalari dasturi taqdimoti bilan ham tanishdi.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA