Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan ijtimoiy foydali dasturlar va loyihalar amalga oshirilishida ijtimoiy sheriklik hamda xalqaro hamkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Loyiha nodavlat tashkilotlari tomonidan tashqi manbalardan pul mablag‘i olish hamda grant loyihalarini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish va soddalashtirishni nazarda tutadi.

Loyiha bilan Hukumatning ikkita qarori (2019 yil 9 oktyabrdagi 858-son va 2022 yil 13 iyundagi 328-son) bitta hujjatga birlashtirilmoqda.

Loyiha bilan bir qator talablarni bekor qilish ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, nodavlat tashkilotlarining grant loyihasini amalga oshirish yuzasidan Tashqi ishlar vazirligining xulosasini olish bekor qilinadi.

Grant loyihasini amalga oshirishga biriktirilgan milliy hamkor tomonidan loyihaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish hamda uning muddatini belgilash yuzasidan takliflar va tavsiyalar berish shart bo‘lmaydi.

Qiymati BHMning 2 ming baravarigacha bo‘lgan grant loyihasi “yo‘l xaritasi”ni milliy hamkor bilan birgalikda tasdiqlash,  qiymati BHMning 2 ming baravari va undan yuqori bo‘lgan grant loyihasi “yo‘l xaritasi”ni Vazirlar Mahkamasi bilan kelishish, grant loyihasi “yo‘l xaritasi” ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishlar o‘tkazish, grant loyihasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qarorlarni Adliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishish, grant loyihasi “yo‘l xaritasi” ijrosi yakuni bo‘yicha umumlashtirilgan ma’lumotni Adliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasiga kiritish kabi tartiblar bekor qilinadi.

Adliya vazirligi tomonidan milliy hamkordan “yo‘l xaritalari”ning ijrosi bo‘yicha joriy va yakuniy ma’lumot so‘rab olinmaydi.

Davlat va nodavlat tashkilotlari o‘rtasida imzolanadigan memorandumlar loyihalarini Adliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligiga ko‘rib chiqish uchun kiritish shart bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, loyihada yangi qoidalar mustahkamlab qo‘yilmoqda. Birinchidan, pul mablag‘lari va mol-mulk olinishini kelishish talab etilmaydigan holatlar ro‘yxati kengaytiriladi.

Ikkinchidan, davlat organlari faqat umumiy qiymati BHMning ming baravari (330 million so‘m) va undan yuqori bo‘lgan loyihalarga biriktiriladi.

Uchinchidan, nodavlat tashkilotlari tomonidan xalqaro grant loyihalarini amalga oshirish yakunlari bo‘yicha loyiha natijasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar www.e-ngo.uz portaliga joylashtiriladi.

To‘rtinchidan, nodavlat tashkilotining grant loyihasida hamkor sifatida ishtirok etuvchi davlat tashkilotini o‘zgartirish tartibi aniq belgilanadi.

N.Abduraimova, O‘zA