O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga davlat tashrifi arafasida ushbu mamlakatning yetakchi nashrlari – mahalliy tilda chiqadigan “Egemen Qazaqstan” va rus tilida chop etiladigan “Kazaxstanskaya pravda” gazetalariga bergan intervyusi, kutilganidek, nafaqat mintaqamizda, balki MDH va boshqa xorijiy davlatlar jamoatchiligi orasida ham katta qiziqish bilan qarshi olindi.

Mazkur suhbat, jumladan, ikki qo‘shni mamlakat ekspertlari, mutaxassislari tomonidan keng muhokama etilib, tahlil qilinmoqda. Tabiiyki, oddiy o‘quvchi uchun ham juda qiziqarli, xalqlarimiz manfaati yo‘lida har ikki tomon uchun o‘ta dolzarb bo‘lgan masalalar ko‘tarilgan ushbu maqola atrofidagi fikr-mulohazalar to‘xtagani yo‘q.

Kechaning o‘zida Qozog‘istonning inbuzinesszakonorda“sputnik” kabi eng ommaviy nashrlarida ayni mavzu keng muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbarining nafaqat O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarning joriy holati va istiqboli, balki butun mintaqada farovon kelajakni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar mazmun-mohiyati aks etgan fikr-mulohazalari, ayniqsa, Rossiya Federatsiyasi matbuotida qizg‘in kutib olindi. Rossiyaning TASS, “regnum”, “rambler” singari dunyoga mashhur axborot agentliklari, shuningdek, “aa.com.tr”, “imag.one”, “rossapprimavera”, “finans” va boshqa nashrlarida Prezidentimiz fikrlaridan iqtibos keltirilgan holda materiallar berilgani ham so‘zimizni isbotlaydi. Masalan, nafaqat RF, butun yer sharining eng sharqiy hududlaridan biri hisoblangan Kamchatka yarim orolida faoliyat olib boradigan bir saytda O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘iston nashriga bergan intervyusi kunning asosiy yangiliklaridan biri sifatida talqin qilingan. “Krasnaya vesna” axborot agentligiga qarashli “rossapprimavera” saytida esa ekspert Davlatimiz rahbarining Turkiy davlatlar tashkiloti haqidagi mulohazalariga urg‘u beradi. Yoki Turkiyaning Anadolu agentligi rus tili versiyasida Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bilan samarali muloqot olib borish masalasiga alohida e’tibor qaratgani tahlil etilgan.

Quyida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning eng yaqin xorijiy hamkorlaridan biri – TASS saytida Davlatimiz rahbarining Qozog‘iston markaziy nashriga bergan intervyusiga munosabat shaklida e’lon qilingan “V Uzbekistane zayavili, chto demokraticheskiye reformы v strane priobreli neobratimыy xarakter” sarlavhali maqola tarjimasi keltirilmoqda.

O‘zbekistonda demokratik islohotlar ortga qaytmas xususiyat kasb etganini e’tirof etishmoqda 

O‘zbekiston hukumati mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni davom ettirish niyatida. Bu haqda respublika Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shanba kuni “Kazaxstanskaya pravda” gazetasiga bergan intervyusida ta’kidladi.

“Prezident lavozimidagi faoliyatimning ilk kunlaridanoq biz o‘z oldimizga mamlakatni modernizatsiya qilish va yurt taraqqiyoti uchun qulay shart-sharoit yaratish vazifasini qo‘ydik. Ana shu maqsadlarda 2017-2021 yillar mobaynida beshta ustuvor yo‘nalishga asoslangan Harakatlar strategiyasini amalga oshirdik. bugungi kunga kelib keng miqyosda, izchillik bilan va tizimli ravishda olib borilgan demokratik islohotlar ortga qaytmas xususiyat kasb etdi”, – dedi mamlakat rahbari.

Prezident qayd etishicha, yaqinda ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi avvalgi konsepsiyaning mantiqiy davomidir. “Mazkur strategiyada erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga asoslangan, millati, tili, dinidan qat’i nazar, mamlakatning har bir fuqarosi qonuniy manfaati va farovonligini ta’minlaydigan xalqchil va insonparvar davlat barpo etish, bir so‘z bilan aytganda, bizning “Inson qadri uchun”, degan ustuvor tamoyilimizni to‘la-to‘kis hayotga tadbiq qilish asosiy o‘rin egallaydi”, – deya qayd etadi Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbari bundan keyin ham milliy iqtisodiyotni rivojlantirish sur’ati o‘sib borishi, xususiy sektorni rag‘batlantirish va uning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushini ko‘paytirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etish hisobiga aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot miqdori oshirilishini ta’kidladi. “2030 yilga borib O‘zbekiston aholisi daromadi jon boshiga hisoblanganda o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishi lozim”, – deb izoh beradi mamlakat yetakchisi.

Shuning barobarida Prezident qayd etadiki, “O‘zbekistonda tinchlik va xavfsizlikni, qonun ustuvorligini, adolatli ijtimoiy siyosat amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek, “Yangi O‘zbekiston – ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasi asosida ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni kuchaytirish hukumat faoliyatining asosiy mezoni bo‘lib qolaveradi”.

Maqolaning aslini ushbu havola orqali o‘qishingiz mumkin.

 

G‘ayrat XONNAZAROV tayyorladi.

O‘zA