Bosh prokuratura huzuridagi Departament qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi tomonidan iste’mol etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar shuningdek, alkogol mahsulotlari bilan ulgurji savdoni amalga oshiruvchilar faoliyatini litsenziyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida” 2022 yil 21 fevraldagi qaroriga muvofiq iste’mol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish shuningdek, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bo‘yicha faoliyatini litsenziyalash tartib-taomillari belgilangan.

Litsenziyalash sohasida inson omili ishtirokiga chek qo‘yish hamda barcha tadbirkorlar uchun sof raqobat muhitini yaratish maqsadida litsenziyalashning elektron tizimiga o‘tildi. Hozirda litsenziya talabgorlari ma’muriy to‘siq va rasmiyatchilikdan to‘liq voz kechgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron shaklda litsenziya olish uchun murojaat qilish imkoniyatiga ega.

Bundan tashqari talabgorlar uchun boshqa davlat organlaridan har qanday xulosalar olish amaliyoti bekor qilinib, talabgor tadbirkorning litsenziyalash jarayonini onlayn rejimida kuzatish imkoniyati mavjud.

Sohada va aynan litsenziya berish borasida shaffoflikni ta’minlash, mahsulot sifatini qat’iy nazorat qilish hamda faoliyat yuritayotgan korxonalarga qulaylik yaratilib, 2024 yilning o‘tgan davrida iste’mol etil spirti alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish hamda ulgurji savdosi bilan shug‘ullanish uchun litsenziya axborot tizimi orqali jami 151 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 119 tasi ijobiy yechimini topgan, 24 tasi belgilangan talablar bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar kiritmaganligi sababli rad etilgan. Hozirda ushbu murojaatlarning 4 tasi o‘rganish jarayonida.

O‘zA