O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi Qur’oni Karimning mohir tarjimon Mirzo Kenjabek tomonidan tarjima qilingan “Anvorul-Qur’on: “Fayzul-Furqon” nomli yettinchi tarjimasini chop etdi.
Akademik Akmal Saidov ushbu yangi tarjima haqidagi fikr va mulohazalarini maqolasi orqali bayon etgan.
Maqolada yurtimizda Qur’oni Karim ma’nolarini anglash va uni to‘g‘ri anglatish yo‘lida olib borilayotgan xayrli ishlar, tafsir va ishonchli tarjimalarning ortib borayotgani kishini xursand qilishi ta’kidlangan.
“Qur’onning dunyodagi turli ko‘plab tillarga tarjima qilinishi buyuk madaniy-ma’rifiy hodisadir. Qur’oni Karim jahonning 250 dan ortiq tillariga ko‘p marotaba takror-takror tarjima qilingan. Jumladan, ingliz tilida 120 ga yaqin, fransuz tilida 120 dan ortiq tarjimalari mavjud. Shuningdek, rus tilida 20 dan ortiq, lotin, ispan, nemis va boshqa tillarda ham ko‘plab tarjimalari bor. Bu tarjimalarning ba’zilari ma’lum tilda gaplashadigan musulmonlar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ba’zilari esa musulmon bo‘lmagan sharqshunos mutaxassislar va keng o‘quvchilar ommasi uchun chop etilgan. Ba’zi tarjimalar qiziqish va o‘rganib ko‘rish natijasida yuzaga kelgan bo‘lsa, ayrimlari do‘stona maqsadda – samimiyona chuqur islomiy e’tiqod natijasida yuzaga kelgan,” — deydi akademik Akmal Saidov.
Maqolada ma’lum qilinishicha, 2004 yilda O‘zbekistonda Qur’oni Karim ko‘zi ojizlar uchun bo‘rtma harflarda, ya’ni Brayl yozuvida – alohida kirish kitobi bilan chop etildi.
Bu nashr o‘zining yuqori sifati, betakror ko‘rinishi bilan o‘quvchiga hayrat bag‘ishlaydi.
Shuni ta’kidlash kerakki, dunyoda Qur’oni Karimning braylcha shakli Misr Arab Respublikasi va Tunis davlatlaridan so‘ng uchinchi bo‘lib nashr etildi.
Akmal Saidov maqola davomida “Anvorul-Qur’on: “Fayzul-Furqon” bo‘yicha Mirza Kenjabek tarjimasining o‘ziga xos xususiyatlarini ham sanab o‘tgan.
N.Usmonova,
O‘zA