Ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlariga rioya qilmagan mahalliy hokimliklar mansabdor shaxslariga nisbatan javobgarlik choralari ko‘rildi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan e’lon qilib borilishi kerak bo‘lgan ochiq ma’lumotlar belgilangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Namangan hamda Farg‘ona viloyatining tuman va shaharlarida qaror ijrosi o‘rganildi. Joriy yilning 3-choragi yakunlari bo‘yicha ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni e’lon qilib borilishi holati tahlil qilindi.

Jumladan, Namangan viloyatining Namangan, Uychi, Uchqo‘rg‘on tumanlari, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumani, Quvasoy hamda Marg‘ilon shaharlari hokimliklarining bu boradagi faoliyati joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Ma’lumki, tuman va shahar hokimliklari tomonidan 12 turdagi ma’lumotlarni davriy ravishda ochiq e’lon qilib borilishi belgilangan.

O‘rganishlar davomida qator tuman va shahar hokimliklari tomonidan ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.

Xususan, hokimliklar tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi yoki mahalliy byudjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan ortiq bajarilgan qismi va mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi hamda boshqa qator muhim ma’lumotlar belgilangan tartibda e’lon qilinishi choralari ko‘rilmagan.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarni javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan Namangan hamda Farg‘ona viloyatlari hokimliklariga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Natijada 3 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi.

Agentlik tomonidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan, ularning qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan ma’lumotlarni Internet tarmog‘iga joylashtirish bo‘yicha majburiyatlarini monitoring qilish ishlari muntazam davom ettiriladi.

N.Abduraimova, O‘zA