Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Maxl bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida raqamli texnologiyalar orqali barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalariga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, 2025 yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “UN Public Service” forumi haqida muhim ma’lumotlar berildi. Forumning O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilishi mamlakat uchun muhim yutuq ekani va raqamli transformatsiya jarayonlarini tezlashtirishda bu imkoniyatning ahamiyati ta’kidlandi.

Uchrashuvda olis hududlardagi aholiga raqamli xizmatlarni yetkazish, raqamli xizmatlar orqali yoshlar va kam ta’minlangan oilalar uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish kabi masalalar muhokama qilindi.

Shu bilan birga, yoshlar uchun IT sohasida yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangani ta’kidlandi. IT sohasidagi o‘quv dasturlarini kengaytirish, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lish imkoniyatlarini oshirish va mahalliy yoshlarni global raqamli iqtisodiyotga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda imkoniyati cheklangan shaxslarning raqamli xizmatlardan foydalanishi, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va xalqaro tajriba almashish kabi masalalar ham muhokama qilindi.

Sabina Maxl BMTning O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar orqali barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Nigora Rahmonova,  

O‘zA muxbiri