Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari olib borgan tahlillarda ma’lum bo‘ldi.
Tahlilda aniqlanishicha, 2024 yilning III choragida O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaygan. Joriy yilning iyul-sentyabr oylarida ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar oldi-sotdisi uchun 41,861 ta shartnoma rasmiylashtirilgan, bu 2023 yilning mos davriga nisbatan 3,362 taga (7,4 foizga) kam.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari va aholi tasarrufidagi daromadlar uy-joy bozoridagi faollikka katta ta’sir ko‘rsatadi.
2021 yilning yanvar oyidan 2024 yilning sentyabr oyigacha bo‘lgan davrda uy-joy oldi-sotdisi va aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi o‘rtasida sezilarli bog‘liqlik aniqlangan. Shuningdek, uy-joy oldi-sotdisi va aholining tasarrufidagi daromadlar o‘rtasida ham chuqur bog‘liqlik mavjud.
Markaziy bankning ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning III choragida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 4,84 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning mos davriga nisbatan 7,3 foizga kam.
Tahlillarga ko‘ra, agar kreditlar hajmining o‘sish sur’ati so‘nggi 3 yildagi o‘rtacha darajada saqlansa, yil oxiriga qadar har oyda 13,000-14,000 ta uy-joy oldi-sotdi shartnomalari tuzilishini kutish mumkin. Ma’lumot o‘ranida, 2023 yilning IV choragida har oyda o‘rtacha 12,900 ta shartnoma imzolangan.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA