“Misrlik bugun” nashri O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish doirasida Toshkentda o‘tkazilgan tadbirlarni keng yoritdi.
Maqolada Misr rejalashtirish, iqtisodiy rivojlanish va xalqaro hamkorlik vaziri Raniya Al-Mashat hamda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ikki davlat qo‘shma hukumatlararo komissiyaning 7-yig‘ilishida ishtirok etgani ta’kidlangan.
Muallif vazir Al-Mashat ikki o‘lkaning strategik joylashuvi qo‘shma munosabatlarni rivojlantirishi va hamkorlikning keng yo‘nalishlarini ochishi mumkinligini e’tirof etganini qayd etgan.
Misrlik vazirning ta’kidlashicha, bugungi kunda Misrdagi turizm, xizmat ko‘rsatish, aloqa, axborot texnologiyalari va qishloq xo‘jaligi sohalariga yurtimizning 24 ta kompaniyasi sarmoya kiritmoqda.
Shuningdek, nashrda Laziz Qudratov O‘zbekiston Misr bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish orqali yaqin yillarda savdo ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga intilishi, Qohira xalqaro kitob ko‘rgazmasida ishtirok etish taklifiga minnatdorlik bildirgani urg‘ulangan.
Qo‘mita ishi yakunida tomonlar o‘rtasida O‘zbekiston Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish bo‘yicha 4 ta o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, Ayn-Shams universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Qolaversa, Misr qadimiy yodgorliklari oliy kengashi va O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi bilan, Samarqand viloyati esa Iskandariya gubernatorligi bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish maqsadida o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolashdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston-Misr hukumatlararo qo‘shma komissiyasi 7-yig‘ilishi Bayonnomasi va turli sohalarga oid 6 ta hujjat imzolandi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA