Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida yakunlanayotgan 2024 yilda faollik ko‘rsatib, yuqori natijalarga erishgan yoshlarning mehnatini baholash maqsadida taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda institut rektori Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yangi yil bilan tabriklab, o‘zining ezgu tilaklarini bildirdi. 2024 yilda institutda yuz bergan muhim voqealar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida gapirib, kelgusi yilda amalga oshiriladigan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining bevosita e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida davlat byudjeti hisobidan 76 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami arafasida ikki ming o‘rinli yangi o‘quv binosining foydalanishga topshirilishi nafaqat institut jamoasi uchun, shu bilan birga, butun Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi uchun bayramona sovg‘a bo‘ldi. Yurtimizdagi ilk ilm-fan dargohi bo‘lgan institutning 90 yillik to‘yi, shu bilan birga, ushbu o‘quv dargohiga nomi berilgan buyuk mumtoz shoir Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining 200 yillik yubileyi respublika va xalqaro miqyosda nishonlandi.
Bugungi kunda institutda 600 nafarga yaqin tajribali professor-o‘qituvchi 17 ming nafardan ziyod talabaga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Ulardan 231 nafar o‘qituvchi ilmiy darajaga ega. So‘nggi 3 yilda 82 nafar professor-o‘qituvchi ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilib, ilmiy darajaga ega bo‘ldi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan vazirlik guvohnomasiga ega 55 ta darslik, 97 ta o‘quv qo‘llanmasi, 43 ta monografiya tayyorlandi va chop etildi.
Bugungi kunda dunyoning “TOP-1000”lik ro‘yxatiga kiradigan 62 ta oliy ta’lim muassasasi bilan shartnoma va memorandum imzolangan bo‘lib, shundan, 15 ta oliy ta’lim muassasasi QS (Quacquarelli Symonds World University Ranks), THE (Times Higher Education) hamda ARWU (The Academic Ranking of World Universities) xalqaro reytingida o‘rin olgan. Mazkur shartnomalar doirasida o‘tgan yil davomida institutning 50 nafardan ortiq professor-o‘qituvchisi xorijdagi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlariga malaka oshirish, seminar o‘tkazish, ilmiy konferensiyalarda ishtirok etish, ma’ruza o‘qish maqsadida ilmiy stajirovkalarga yuborilgan bo‘lsa, dunyoning “TOP-1000” ro‘yxatiga kiradigan oliy o‘quv yurtlaridan 14 nafar professor-o‘qituvchi va mutaxassis institutning ilmiy-pedagogik ishlariga taklif etildi. Shu bilan birga, institut talabalari xalqaro va respublika fan olimpiadalari, tanlovlar, intellektual musobaqalar, festival, konferensiya, forum va simpoziumlarda yuqori o‘rinlarni egalladi. “To‘maris” xalq ansambli a’zolari va iqtidorli talabalar xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarga erishib, respublikada o‘tkazilgan turli bayram tantanalari, xalq sayillari va tomoshalarida o‘z mahoratlarini namoyish etdi.
Institutning talaba-yoshlari sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Osiyo va Jahon birinchiliklarida katta yutuqlarga erishdi. Albatta, bunday natijalarni qo‘lga kiritishda institutda yaratilayotgan sharoitlar, e’tibor va qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati katta. Shu maqsadda yil davomida yuqori natijalarga erishgan talaba-yoshlar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Tadbir “To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talabalar ijrosidagi bayram konserti bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri