So‘nggi yillarda O‘zbekistonda aholining ijtimoiy himoyasi tizimini takomillashtirish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilda mamlakatimizdagi 208 tuman va shaharda “Inson” markazlari va mahallalarda ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tadbirlar doirasida 12 toifadagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun 100 dan ortiq xizmat ko‘rsatish tizimi yaratildi.
Yolg‘iz yoki yakka yolg‘iz shaxslarni qo‘llab-quvvatlash uchun reyestr shakllantirilib, unga 2 ming 429 nafar shaxs kiritildi. Ularga pullik ijtimoiy xizmatlar tashkil etildi. Shuningdek, 10 ming 169 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tibbiy-ijtimoiy ekspertiza orqali nogironlik guruhlari aniqlandi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilib, ular uchun 30 turdagi protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari taqdim etiladi.
Elektron savdo maydonchalari orqali 85 mingdan ortiq shaxslarga vaucherlar tarqatilib, ularning aksariyati buyurtma qilingan vositalarni olish imkoniga ega bo‘ldi. 2021 yildan buyon hozirgi kunga qadar yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan 2 ming 490 nafar bola davlat tomonidan uy-joy bilan ta’minlandi.
Ijtimoiy nafaqalarni taqsimlash tizimi raqamlashtirilib, 1,7 milliondan ortiq oilaga onlayn rejimda nafaqa tayinlash imkoniyati yaratildi.
Kam ta’minlangan oilalar uchun avtomatik hisoblash tizimi yo‘lga qo‘yildi, bu nafaqa ajratish jarayonini sezilarli darajada yengillashtirdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA