Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Bank xizmatlari orqali mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar yuzasidan” eshituv o‘tkazildi.
Deputatlar, Markaziy bank hamda tijorat banklari rahbarlari, tegishli vazirliklarning mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tgan eshituvda dastlab Markaziy bank raisi o‘rinbosarining axboroti eshitildi.
Axborotda shu yil 16 dekabr kuni Prezidentimiz raisligida bank xizmatlari orqali mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan tijorat banklari oldida turgan dolzarb vazifalar bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Xususan, banklar tomonidan oilaviy tadbirkorlik dasturini amalga oshirish orqali daromadli biznesga keng yo‘l ochish, sinovdan o‘tgan mijozlarni qo‘llab-quvvatlab, ularni kichik va o‘rta biznes darajasiga olib chiqish, faol tadbirkorlar ishtirokida tumanlarda baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik va asalarichilik bo‘yicha kooperatsiyalar tashkil qilish, xususiy sheriklar topib, startaplarni biznesga aylantiradigan akseleratorlarni ochish bo‘yicha kelgusi yilda tijorat banklari oldida turgan dolzarb vazifalar mazmunan ochib berildi.
Xalq vakillari rivojlanish darajasi sust bo‘lgan hamda qizil toifaga kirgan tumanlarga boshqa hududlardan tajribali tadbirkorlarni jalb qilib, bandlikni ta’minlovchi hamda barqaror daromad manbaini yaratuvchi loyihalarni amalga oshirish borasida tijorat banklarining rejalari bilan qiziqishdi.
Shuningdek, joylarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun zarur infratuzilmani shakllantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish manbalarini aniq belgilash zarurligi qayd etildi.
Tijorat banklari rahbarlari kelgusi yilda banklarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, tashqi manbalardan mablag‘ jalb qilish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar bo‘yicha rejalarini bayon qildi. Shuningdek, mahalla bankirlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganish va ularni tegishli loyihalar orqali amalga oshirishga oid rejalari haqida ma’lumot berdi.
Yig‘ilishda shuningdek, banklar oldidagi muammolar ham tahlil qilinib, hal qilish choralari bo‘yicha deputatlar o‘z taklif va tavsiyalarini berishdi. Xususan, banklar balansida bo‘lgan harakatsiz mulklarni bozor qiymatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishning huquqiy jihatlari batafsil ko‘rib chiqildi.
Deputatlar banklar tomonidan garovga olingan garov narsasiga bo‘lgan huquqlar ustuvorligini ta’minlashdagi muammolar va qonunchilik hujjatlarida o‘zaro nomuvofiqliklar mavjudligiga ham e’tibor qaratdilar. Yig‘ilish ishtirokchilari majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida taqdim etilgan mol-mulkka nisbatan kreditorlar huquqlarining ustuvorligini ta’minlash, garovga qo‘yilgan mol-mulkni auksion orqali sotish jarayonlarini soddalashtirish, garov bilan ta’minlangan majburiyatlarni suddan tashqari tartibda undirish amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi tayyorlanganligini ma’qulladi.
Eshituv yakunida davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini o‘rnatish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA