Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov BAA Xalqaro biosho‘rlangan qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) bosh direktori doktor Tarifa Al Zaabi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan COP29 iqlim konferensiyasida qishloq xo‘jaligi ekinlarining iqlim o‘zgarishiga chidamliligini oshirish uchun yetakchi tuzilmalar ishtirokida Mintaqaviy genetik resurslar bankini tashkil etish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbus muhokama qilindi.

ICBA tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga va uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Vazir esa ushbu tuzilma Markaziy Osiyo mintaqasida sanoat kooperatsiyasi, shuningdek, ilmiy-texnika almashinuvi uchun muhim platformaga aylanishi mumkinligini ta’kidladi.

Uchrashuvda Nukus, Mo‘ynoq va Chimboy fermerlarining zaifligini kamaytirish va ularning yer degradatsiyasi bilan bog‘liq iqtisodiy yo‘qotishlarning oldini olishga moslashuvchan salohiyatini oshirishga qaratilgan “Qoraqalpog‘istonning degradatsiyaga uchragan hududlarida barqaror qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish tizimini rivojlantirish” loyihasi muhokama qilindi. Mazkur loyiha Orol dengizi halokati oqibatlarini yumshatish va mintaqada barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan qadam ekani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida 2025 yilda O‘zbekiston va ICBA o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, xususan, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da qo‘shma ilmiy loyihalarni tashkil etish va o‘zaro manfaatli natijalarga erishish uchun muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA