O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi“ DM va Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiy buyumlarni ekspertiza qilish ilmiy markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Moskvada “Reglek 2024” xalqaro konferensiyasi doirasida imzolangan ushbu memorandum ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, xususan, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi sohasida o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Unga ko‘ra, tomonlar dori vositalari va tibbiy buyumlarni ekspertizadan o‘tkazish, sifat nazoratini takomillashtirish, hamda soha xodimlari malakasini oshirish yo‘nalishida hamkorlik qiladi.

Mazkur kelishuv O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida farmatsevtika va tibbiyot sohasidagi ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam hisoblanadi. Hamkorlik memorandumi doirasida ikki davlat ekspertlari o‘rtasida tajriba almashish dasturlari va qo‘shma tadqiqotlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

***

Shu kunlarda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi“ DMning Vaksinalar, zardob preparatlari va mikrobiologik tahlil laboratoriyasi mutaxassisi Feruza Jalilova PMDA – Yaponiyaning Farmatsevtika va tibbiy buyumlar agentligi tomonidan tashkil etilgan xalqaro seminarda ishtirok etmoqda.

Yaponiyaning Toyama prefekturasida o‘tayotgan mazkur seminar xalqaro darajadagi tartibga soluvchi organlar mutaxassislari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi – dorivor o‘simlik vositalarining sifatini nazorat qilish, Yaponiyadagi tartib-qoidalar va xalqaro standartlar bilan tanishtirishdir.

Qatnashchilar seminar trening davomida Yaponiya dorivor o‘simliklar markazi va dorivor o‘simlik vositalari ishlab chiqaruvchi zavodlarga tashrif buyurib, ariza hujjatlarini baholash, sifatni boshqarish, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Mutaxassisimizning mazkur seminardagi ishtiroki o‘zbek farmatsevtlari uchun xalqaro tajribaga ega bo‘lish va dorivor o‘simliklar sohasidagi eng yangi yondashuvlarni o‘zlashtirishda katta ahamiyatga ega. Bu orqali Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining xalqaro miqyosda malaka almashish imkoniyatlari yanada kengayadi, deyiladi Markaz matbuot xizmati xabarida.

***

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Qiyoslash laboratoriyasiga kelib tushgan arizalar asosida joriy yilning oktyabr oyi davomida joyiga chiqqan holda, tibbiyot muassasalaridagi 336 ta tibbiy o‘lchash vositalari qiyoslash tekshiruvidan o‘tkazildi.

O‘rganishlar davomida, ulardan 267 tasiga me’yoriy hujjat talablariga muvofiqligi bo‘yicha qiyoslanganlik guvohnomasi, 50 tasiga attestatsiya guvohnomasi hamda nomuvofiqligi aniqlangan 19 ta tibbiy o‘lchash vositasiga yaroqsizlik bayonnomalari rasmiylashtirildi va holat yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma berildi.

Eslatib o‘tamiz, SSVning 2024 yil 7 oktyabrdagi 313-sonli buyrug‘iga asosan, metrologiya tekshiruvidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan tibbiyot uchun mo‘ljallangan o‘lchash va sinov vositalarining ro‘yxatiga muvofiq, o‘rnatilgan tartibda metrologik tekshiruvdan o‘tkazilmagan o‘lchash va sinov vositalarining tibbiyot faoliyatida qo‘llanilishi ta’qiqlanadi.

***

Markazda sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda 2025 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradigan farmatsevtika mahsulotlarining postmarketing nazorati va uni qanday tartibda amalga oshirilishi yuzasidan batafsil tushuntirish berildi.

Shuningdek, tadbirda markaz mas’ullari Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar muomalasini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida“ qarori mazmun mohiyati haqida to‘xtalib, alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni tibbiyot amaliyotida qo‘llash, saqlash, ularning noqonuniy muomalasini cheklash, jismoniy shaxslar tomonidan ulardan foydalanish hamda ularni yo‘q qilish tartiblari haqida ma’lumot berdi.

Muloqot davomida tadbirkorlar, farmatsevtika mahsulotlari ustidan postmarketing nazorati, yurtimizda dori vositalarini markirovkalash hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning xavfsiz muomalasini ta’minlash bo‘yicha yangi tartib-qoidalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Ta’kidlash joizki, mazkur uchrashuv soha vakillari tomonidan yangi qoidalarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri joriy etish orqali farmatsevtika mahsulotlarining sifatini oshirish hamda xalq salomatligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mohigul Qosimova, O‘zA