Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistondagi avtomobil bozori holatini tahlil qilib, natijalarini muntazam ravishda taqdim etib boradi.

Oktyabr oyida avtotransport vositalarining savdosi 102,3 ming donani tashkil etdi. Bu o‘tgan oyga nisbatan 7 foizga kam. Yillik ko‘rsatkichda faollikning sezilarli pasayishi 44 foizdan ko‘proq qayd etildi.

Yengil avtomobillar segmentidagi vaziyat  

Yengil avtomobillar segmenti o‘tgan oyga nisbatan 6 foiz kamaygan holda 95,4 ming dona sotilgan bo‘lsa, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sotuvlar 43,3 foizga sezilarli pasayganini ko‘rsatmoqda.

Hududlar bo‘yicha ushbu segmentdagi savdolarning eng katta pasayishi Toshkent shahrida – 18,4 foiz, Farg‘ona – 17 foiz va Andijon – 14,4 foiz viloyatlarida qayd etildi.

Yengil avtomobillar birlamchi bozorida sotuvlar o‘tgan oyga nisbatan 15 foizga kamaydi, bu o‘tgan oyga nisbatan 6,2 ming avtomobilga kam. Yillik faollik esa 21,8 foizga kamaydi.

Oy davomida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 20 foizga kamaydi va 30,2 mingta avtomobilni tashkil etdi. Yillik ko‘rsatkichda 22 foiz pasayish kuzatildi.

Xorijiy yengil avtomobillar segmenti o‘sib bormoqda  

Oktyabr oyida xorijiy yengil avtomobillar bozorida sotuvlar ko‘paygan. Oy davomida ushbu segmentdagi faollik 35 foizga oshdi, atigi bir oy ichida 4,7 mingta xorijiy avtomobil sotildi. Biroq, o‘tgan yilning oktyabr oyiga nisbatan sotuvlar 20 foizga kamaydi.

Yengil avtomobillarning ikkilamchi bozori  

Oktyabr oyida yengil avtomobillarning ikkilamchi bozoridagi vaziyat faollikning pasayishi va sotish hajmining har yili sezilarli darajada pasayishi bilan tavsiflanadi. Ushbu segmentda oktyabr oyida 60,4 mingta yengil avtomobil sotildi. Bu oldingi oyga nisbatan 23 donaga kam, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sotuvlar ikki baravar kamaydi.

Elektromobillar bozoridagi vaziyat  

Yengil elektromobillar segmenti faollikning rekord o‘sishini ko‘rsatishda davom etmoqda. Oktyabr oyida sotuvlar hajmi sentyabr oyiga nisbatan 20 foizga o‘sib, 5,1 ming dona elektromobilni tashkil etdi, sentyabr oyda esa 4,24 ming dona, avgust oyida 1,7 ming dona sotilgan.

Hududlar bo‘yicha olib borilgan tahlillar elektromobillar segmenti faol rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, eng ko‘p sotuvlarning o‘sishi Namangan va Farg‘ona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida qayd etilgan.

Yil davomida elektromobillar savdosi 87,5 foizga o‘sdi. Bu 2,3 ming dona elektromobilga teng.

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA