Joriy yilning 10-22-noyabr kunlari Boku shahrida o‘tkazilayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasida oliy darajadagi tadbirlar tashkil etilib, muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda Ozarbayjon Respublikasi fan va ta’lim vaziri Emin Amrullayev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot jarayonida o‘qituvchilar malakasini oshirish bo‘yicha treninglar va qo‘shma loyihalar tashkil etish, ta’lim dasturlari va o‘quv materiallarini ishlab chiqish bo‘yicha tajriba almashish, xalqaro STEAM festivali doirasidagi hamkorlikni davom ettirish va O‘zbekistonda STEAM markazini tashkil etish, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va Ozarbayjon davlat pedagogika universitetida pedagogik kadrlar almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha so‘z bordi.
O‘zbekiston Respublikasining gospital ta’limi bo‘yicha, xususan “Mehrli maktab” tajribasini o‘rganish, bilimlarni baholash tizimlari va raqamli ta’lim platformalari haqida ma’lumot almashish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv so‘ngida 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni mustahkamlovchi “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA