Davlat bojxona qo‘mitasida Markaziy bojxona laboratoriyasiga Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy maqomi berilishiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Unda Jahon bojxona tashkilotining Bosh kotibi Kunio Mikuriya, Jaxon Bankining O‘zbekistondagi vakili Raul Feliks Yunkera-Varela, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, hamda Rossiya Federatsiyasi bojxona laboratoriyalari vakillari, Markaziy apparat shaxsiy tarkibi hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

bugungi kunda Jahon bojxona tashkilotining boy tajribasi, bevosita Kunio Mikuriya rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar va tatbiq etilayotgan innovatsion tashabbuslar tashkilotning nufuzini yanada yuqori darajaga ko‘tarmoqda.

Prezidentimizning bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha tashabbuslari asosida so‘nggi yillarda sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. 2019 yilda Kunio Mikuriyaning O‘zbekistonga bo‘lgan tashrifidan so‘ng, Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga binoan O‘zbekistonda bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, 2020 yilda O‘zbekistonning tashqi savdo sohasida xalqaro darajada e’tirof etilgan hujjatlar – Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha Kioto Konvensiyasi va Vaqtincha olib kirish bo‘yicha Istanbul Konvensiyasiga qo‘shilgani mamlakatimizdagi tadbirkorlik va investitsiya muhitining jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

“Yagona darcha” bojxona milliy tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Jahon bojxona tashkilotiga a’zo davlatlarning “Yagona darcha” tizimini qo‘llash bo‘yicha standartlari, amaliyoti o‘rganib chiqildi va amaliyotga tadbiq etildi.

Yana bir ma’lumot, O‘zbekiston bojxona xodimlari uchun Jahon bojxona tashkilotining “Elektron bojxona akademiyasi” hamda CLiKC (Bojxona ta’limoti va o‘quv tizimi) elektron ta’lim portalidan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari Jahon bojxona tashkiloti hamkorligida Davlat bojxona qo‘mitasi Mintaqaviy kinologiya o‘quv markazi kadrlar salohiyatini oshirib bormoqda.

 

O‘tgan davrda bojxona organlari faoliyatini yanada samarali tashkil qilish hamda tovar va transport vositalarini bojxona chegaralari orqali olib o‘tishda qulay sharoitlar yaratish borasida ham qator islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, bojxona organlari faoliyatini tizimli tarzda rivojlantirish uchun 2020-2023 yillarga mo‘ljallangan Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Shuningdek, mamlakatimizda TIR-karnet kitobchalari asosida tashuvlarni elektron rasmiylashtirishni nazarda tutuvchi “Ye-TIR” loyihasi sinov tariqasida amaliyotga joriy etildi. Mazkur xalqaro loyiha bojxona rasmiiylashtiruvini yengillashtirish orqali tashqi savdoni jadallashtirish imkonini berib, ayni shu jihati bilan barcha tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining manfaatlariga birdek xizmat qilmoqda.

O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan chegarada joylashgan bojxona postlari o‘tkazuvchanligini oshirish va infratuzilmasini yanada yaxshilashni taqozo etadi. Shu maqsadda “Ayritom”, “Olot”, “Yallama”, “Farg‘ona”, “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postlari yangicha zamonaviy qiyofa kasb etib, dunyoning ilg‘or texnologiyalari bilan jihozlandi.

Chegara bojxona postlarida qo‘shimcha 4 ta zamonaviy inspeksion-ko‘rik majmuasi o‘rnatildi. Mazkur islohotlar natijasida hozirda yangi O‘zbekiston bojxonasi nafaqat mintaqada, balki dunyoda ilg‘or bojxona ma’muriyatiga aylanmoqda.

bugungi kunga kelib bojxona organlari faoliyatiga bojxona mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan 67 ta avtomatlashtirilgan axborot tizimlari va  33 ta interaktiv xizmatlar joriy qilindi. “Avtomatlashtirilgan tarzda chiqarib yuborish”, “Bojxona auditi”, “Ye-Tranzit” kabi bir necha avtomatlashtirilgan axborot tizimlari amaliyotga joriy etish choralari ko‘rilmoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 10 sentyabrdagi “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan Davlat bojxona qo‘mitasining bojxona organlarining umumiy cheklangan shtatlar soni doirasida Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida alohida yuridik shaxs maqomiga ega Markaziy bojxona laboratoriyasi tashkil etildi.

Mazkur qarorga muvofiq, nikotin saqlovchi mahsulotlar va spirtli ichimliklar tarkibini aniqlash, tovarlarni ekspertizadan o‘tkazish va sertifikatsiyalash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va boshqa turdagi kriminalistik sud ekspertizalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mazkur islohotlarning davomi sifatida, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasidagi laboratoriyalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Jahon bojxona tashkilotining Markaziy Osiyodagi salohiyatini yanada oshirish maqsadida Davlat bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasiga Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi maqomi berildi.

Tadbirda Anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘ldi. Ushbu maqomga loyiq deb tan olinish, uzoq muddatli mashaqqatli mehnat natijasidir.

– Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasini jahon standartlari darajasiga yetkazish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi, – deydi Markaziy bojxona laboratoriyasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahrom Dautov. – Laboratoriyaning barcha xonalari Jahon bojxona tashkiloti standartlari asosida loyihalashtirilgan va qurilgan, xavfsizlik qoidalariga to‘liq amal qilingan holda faoliyat olib boriladi. Yetakchi ishlab chiqaruvchilarning eng zamonaviy yuqori texnologik, yuqori aniqlikka ega uskunalari bilan jihozlangan. Markaziy bojxona laboratoriyasini xalqaro “ISO 17025-2019” standarti talablariga mosligi aniqlanib, tegishli akkreditatsiya guvohnomasi berildi.

Davlat bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasiga mintaqaviy bojxona laboratoriyasi maqomini berilishi bojxona organlarining fiskal funksiyalarini amalga oshirishni takomillashtirishda o‘z samarasini beradi.

Mintaqadagi davlatlar bojxona laboratoriyalari bilan hamkorlikda tadqiqot va ishlanmalar hamda tahliliy sharhlar tayyorlashga zamin yaratildi. Markaziy bojxona laboratoriyasi mintaqadagi bojxona xizmatlariga maslahatlar, tavsiyalar berish, ularning mutaxassislarini o‘qitish bo‘yicha konsultatsiya va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishga imkoniyat yaratib beradi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA