O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, davlat ishtirokidagi yirik korxonalar va tijorat banklarining faoliyat samaradorligini oshirish, zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish va ularni transformatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirish, shuningdek, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash uchun xususiylashtirish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb etishni jadallashtirish maqsadida:

professional konsultantlarni jalb qilgan holda xalqaro bozorda ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiya paketlari (ulushlari) ro‘yxati;

Xalqaro fond bozorida aksiyalarining birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkaziladigan davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ro‘yxati;

davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ustav kapitalidagi aksiya paketlarini (ulushlarini) xususiylashtirish oldi tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirishga mas’ul bo‘lgan ishchi guruhlar tarkibi tasdiqlandi.

Ishchi guruhlarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

davlat ishtirokidagi yirik korxonalarning moliyaviy hisobotlari xalqaro standartlar asosida tayyorlanishini ta’minlash;

savdo jarayonlarini tashkil etish uchun professional konsultantlar jalb etilishi va davlat ishtirokidagi yirik korxonalar tomonidan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining barqaror ko‘rsatkichlariga erishilishini muvofiqlashtirib borish;

xorijiy davlatlardagi qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga soluvchi organlar va birjalar bilan o‘zaro hamkorlik qilinishini ta’minlash, tegishli memorandum va shartnomalarni tuzish uchun muzokaralar olib borish;

anderrayterlar faoliyatini muvofiqlashtirish va marketing materiallari tayyorlanishini tashkil qilish;

amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har chorakda Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasiga axborot kiritib borish.

Ishchi guruhlar biriktirilgan korxonalardagi davlat aksiya paketlarini savdoga chiqarish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqib, uni Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritilishini ta’minlaydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi aksiyador bo‘lgan davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlash, ishonchli boshqaruvchilarni jalb etish va mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish uchun xalqaro konsultantlar va yuridik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar “UzAssets” investitsiya kompaniyasi” AJ tomonidan jalb qilinadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “UzAssets” investitsiya kompaniyasi” AJga davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni transformatsiya qilish va xususiylashtirish oldi tayyorlash uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida professional tashkilotlarni (investitsiya vositachilari, ishonchli boshqaruvchilar, yuridik xizmat ko‘rsatuvchi va konsalting tashkilotlari, investitsiya banki, PR-kompaniyasi yoki boshqa ixtisoslashgan kompaniyalarni) jalb etish vakolati beriladi. Ular bilan tuziladigan shartnomalar va shartnomaga oid qo‘shimcha kelishuvlar “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan o‘tkazilmaydi.

2024-yil 1-iyulga qadar “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushini yoxud uning tarkibidagi alohida issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirish boshlanadi.

Davaktiv agentligi kimyo sanoati korxonalarini xususiylashtirish va isloh qilish dasturiga muvofiq “Dehqonobod kaliy zavodi” AJ ustav kapitalidagi davlat aksiyalar paketini 2024-yil yakuniga qadar xususiylashtirish jarayoni yakunlanishi ko‘zda tutilgan.

2024-yil 1-iyulga qadar professional konsultantlarni jalb etgan holda “Samarqand Avtomobil zavodi” MCHJ ustav kapitalidagi “O‘zavtosanoat” AJning 75,2 foiz ulushini savdoga chiqarish ishlari boshlanadi.

2024-yil 1-iyuldan boshlab, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda:

korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, jumladan boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish uchun kuzatuv kengashiga bo‘ysunadigan korporativ kotibiyat tashkil etiladi;

korporativ boshqaruvning yangilangan qoidalari va axloq kodeksi joriy etiladi;

kuzatuv kengashining bayonnomalarini masofadan axborot- kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron ovoz berish byulletenlari orqali rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.

 

O‘zA