Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov II xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali doirasida Buxoroda bo‘lib turgan Turkiyaning “Gemetis” kompaniyasi asoschisi Mustafo Erjan O‘zgur, “Gold Art” kompaniyasi asoschisi Mehmet Gazi Ozkan, “Martela Jewelry” kompaniyasi asoschisi Selchuk Dalni qabul qildi.

Uchrashuvda zargarlik sohasidagi hamkorlik va Buxoroda ushbu sohani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Turkiyaning zargarlik bozoridagi yetakchi kompaniyalari rahbarlari Buxoroda o‘tkazilgan Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali tajriba almashish uchun katta imkoniyat berayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Shuningdek, ular mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga qiziqish bildirdi. Bu borada hamkorlikni rivojlantirish istagini ma’lum qildi.

O‘z navbatida Botir Zaripov Turkiya kompaniyalari bilan tajriba va texnologiya almashinuvi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zargarlik buyumlari sifati hamda turlarini oshirish imkonini berishini alohida ta’kidladi.  Bunday hamkorlik Buxoro zargarlik buyumlari bozorini mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilishi e’tirof etildi.

Tomonlar zargarlik sanoati sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik va tajriba almashishga tayyor ekanligini bildirdi. Mazkur hamkorlik Buxoroda soha rivoji hamda mazkur yo‘nalishga sarmoya jalb etilishiga xizmat qiladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri