Buxoro shahridagi “Ark” qo‘rg‘oni old maydonida II xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimga respublikamizning taniqli zargar va zardo‘zlari, xorijiy davlatlarning nufuzli hunarmandlari, dizaynerlar, zargarlik korxonalari mutasaddilari, olimlar va ekspertlar, viloyat faollari, mamlakatimizning va xorijning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoqlarda katta kuzatuvchilariga ega infofaollar taklif etildi.

Festivalda respublikamizning barcha hududlaridan 114 nafar zargar, 39 nafar zardo‘z, 90 nafar hunarmandchilikning boshqa yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan hunarmand, shuningdek, 15 dan ortiq zargarlik korxonalari qatnashdi. Bundan tashqari, festivalda 42 davlatdan 123 nafar nufuzli va faxriy mehmon, Butunjahon hunarmandlar kengashi vitse-prezidenti, olimlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, dizaynerlar hamda hunarmandlar ishtirok etdi.

Festival tadbirlarini mahalliy ommaviy axborot vositalarining 100 dan ortiq vakili, Pokiston, Yangi Zelandiya, Hindiston, Turkiya  davlatlaridan kelgan xorijiy ommaviy axborot vositalarining 4 nafar, shu bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tgan va O‘zbekistonda doimiy faoliyat yuritayotgan Xitoy davlatining ommaviy axborot vositalari vakillari ham yoritib bordi.

Festival va uning doirasidagi tadbirlarda 15 ming nafardan ortiq sayyoh, shundan, 4,5 ming nafarga yaqin xorijiy sayyoh ishtirok etdi. Xususan, Pokistonning nufuzli “Newsletter”, Yangi Zelandiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va qator davlatlardan kelgan OAV hamda inflyuyenserlar Buxoroda bo‘lib o‘tgan xalqaro zargarlik va zardo‘zlik festivali taassurotlari, yorqin lahzalarini xorijiy jurnallar, gazetalar hamda instagram sahifalarida yoritishdi.

– Bir oydan keyin Pokistonning “Newsletter” jurnalining navbatdagi soni faqat Buxorodagi ushbu festivalga bag‘ishlanadi,  – deydi janob Hamid Choudri. – Pokiston aholisi O‘zbekiston haqidagi maqolalarni sevib mutolaa qiladi. Shuning uchun biz yanada ko‘proq ma’lumotlar beramiz va Buxorodagi ushbu yorqin lahzalarni pokistonlik o‘quvchilar e’tiboriga havola etamiz.

Marosim avvalida festival doirasida mahalliy va xorijiy hunarmandlar o‘rtasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov g‘olib va sovrindorlari “Eng yaxshi zargarlik tashkiloti”, “Eng yaxshi zardo‘zlik tashkiloti”, “Eng yaxshi zardo‘z”, “Eng yaxshi zargar”, “Eng yaxshi zardo‘zlik maktabi ustasi”, “Eng yaxshi zargarlik maktabi ustasi”, “Zardo‘zlik bo‘yicha qadimiy sulola davomchisi”, “Zargarlik bo‘yicha qadimiy sulola davomchisi”, “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan zardo‘z”, “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan zargar”, “Eng yosh mahoratli zardo‘z”, “Eng yosh mahoratli zargar” kabi nominatsiyalar bo‘yicha tantanali ravishda taqdirlandi.

Tadbir teatrlashtirilgan tarixiy-badiiy kompozitsion tomoshalar,  viloyat va respublika san’at ustalari, xalq jamoalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.

 

Zarif Komilov,  Tohirjon Istatov (video,surat),  

O‘zA muxbirlari