Joriy yilning 14-16-may kunlari poytaxtimizda O‘zbekiston energetika haftaligi bo‘lib o‘tadi.

“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonova O‘zA muxbiriga mazkur haftalik yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:

– Ma’lumki, yoqilg‘i-energetika sektori har qanday mamlakatning iqtisodiy o‘sishi va farovonligining muhim tarkibiy qismlaridan biridir. Bugungi kunda energiya manbalari atrofida barcha sohalarning shakllanishi, shaharlarning o‘sishi va xalq farovonligiga hissa qo‘shadigan kuchli infratuzilma rivojlanmoqda.

“Yashil” energetika tizimini amalga oshirish uchun ko‘p yillik sa’y-harakatlarga qaramasdan an’anaviy energiya manbalariga talab hali ham yuqori bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika sohasiga mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish drayveri sifatida ustuvor ahamiyat bermoqda. Tizimni tubdan yangilash va o‘zgartirish, yangi resurslarni qidirish va razvedka qilish hamda mavjud konlar fondidan samarali foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston energetika haftaligi tadbirlari jahon tajribasi va bilimlarini ilmiy-innovatsion taqqoslash, sohaning eng yangi uskunalari va texnologik yechimlarini namoyish etish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu haftalik doirasida “O‘zbekiston milliy strategiyasiga muvofiq energetika siyosatini uyg‘unlashtirish” plenar sessiyasi, “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2024” xalqaro ko‘rgazmasi va anjumani, “Energetika, energiya tejamkorligi, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari – “Power Uzbekistan 2024” xalqaro ko‘rgazmasi, 4-xalqaro energetika anjumani kabi qator tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bugungi kunga qadar 400 dan ortiq kompaniya va brend, 50 dan ortiq ma’ruzachi va 800 nafar delegat energetika haftaligi ishida ishtirok etishini tasdiqlagan. Tadbir ishtirokchilarining geografiyasi 29 mamlakatni o‘z ichiga qamrab oladi. Ular O‘zbekiston, Avstriya, Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Belgiya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gruziya, Daniya, Hindiston, Indoneziya, Eron, Italiya, Qozog‘iston kabi davlatlar vakillaridir.

“OGU 2024”  va “Power Uzbekistan 2024”  xalqaro ko‘rgazmalari ekspozitsiyasi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuining barcha pavilonlarida namoyish etiladi. Unda bir qator davlatlar qatorida Italiya va Rossiya kompaniyalari jamoaviy stendlari, Germaniya va Xitoy kompaniyalarining keng ishtiroki e’tiborga sazovordir.

Kompaniyalar neft va gaz, energetika uskunalari sohasida ilg‘or ishlanmalar va yechimlarni, shuningdek, ularni amaldagi energiya tizimlariga joriy etish tajribasini taqdim qiladi.

Haftalik doirasida 14-15-may kunlari tashkil etiladigan anjumanlarda O‘zbekiston milliy strategiyasiga muvofiq energetika siyosatini uyg‘unlashtirish, energetika loyihalarining investitsion jozibadorligi, energiya tizimlarini raqamli transformatsiya qilish, zamonaviylashtirish va diversifikatsiya qilish, foydali qazilmalarni qidirish va qazib olishning yangi yo‘nalishlari, neft-gaz-kimyo majmuasi transformatsiyasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini integratsiya qilish, tinch atom energiyasi va ESG barqaror rivojlanish asoslari ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan “Ung-youth marathon”,  “Zakovat” intellektual o‘yini, videoroliklar tanlovi, “Quvvat” 3D animatsion seriali taqdimot kabi tadbirlar o‘tkaziladi.

Haftalikning tashkil etilishi ushbu sohalar rivojida muhim bo‘lib, ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va O‘zbekiston energetikasi uchun yangi hamkorlar topishga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.