Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasida bandlik xizmatlari takomillashtirilishi munosabati bilan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

— Mazkur qonun loyihasi bilan ish qidirayotgan shaxslar tomonidan mehnat organlariga ortiqcha hujjatlar taqdim etilishining oldini olish, shaxslarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilish shartlarini o‘zgartirish, ish beruvchining bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarini elektron shaklda yuborish shartlari belgilanmoqda, — dedi deputat O.Mamirova. — Shuningdek, mehnat organlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlariga yo‘llanmalar berish tartibini yanada takomillashtirish, bandlikni rag‘batlantiruvchi subsidiyalar va ssuda ajratish mexanizmlarini tartibga solishga qaratilgan normalar nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, ma’ruzachi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash mobaynida unga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida ham batafsil ma’lumotlar berdi, fraksiya a’zolarining bergan takliflari inobatga olinganini qayd etdi.

—  So‘nggi yillarda aholi bandligi masalasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish, sohani raqamlashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, yoshlarga bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda, — dedi fraksiya a’zosi Ravshan Begmatov. — Ushbu loyiha bilan mahalliy bandlik organlariga bo‘sh ish o‘rinlarini taqdim etish jarayonlarini soddalashtirish, ommaviy ravishda ishdan bo‘shatilganda ularni ijtimoiy himoya qilinishini kuchaytirish, mahalliy bandlik organlariga murojaat qilganda ortiqcha hujjatlarni talab qilmaslik kabi qator normalar kiritilmoqda. Uning qabul qilinishi bandlik xizmatlarini ko‘rsatishda yuzaga keladigan turli muammolarni bartaraf etish, bandlikka ko‘maklashish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA