Prezidentimizning topshirig‘iga muvofiq bugun “Ayritom” chegara o‘tkazish punkti orqali afg‘on xalqiga qariyb 170 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yuki qo‘shni mamlakatning Balx viloyatiga yetkazildi.

Insonparvarlik yordami tarkibida 48 tonna un, 48 tonna bug‘doy, 15 tonna o‘simlik yog‘i, 10 ming 80 dona konservalangan go‘sht mahsulotlari (tushyonka), 22 tonna makaron, 24 tonna shakar hamda 100 ming dona tez tayyorlanadigan lapsha mavjud.

Qo‘shni mamlakatga yetkazilgan zarur mahsulotlar Hayraton shahridagi “Astras” kompaniyasi hududida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Erkin Hamrayev va Afg‘onistonning Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo hamda ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirildi.

Ko‘rsatilayotgan beg‘araz yordam va Afg‘oniston bilan O‘zbekiston o‘rtasida do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratayotgan davlatimizga chuqur minnatdorlik bildirdi. Yaqin qo‘shni va birodar ikki xalqqa tinchlik, farovonlik tilab duoga qo‘l ochildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri