O‘zbekiston suv resurslarining 80 foizi boshqa mamlakatlardan oqib keladi, bor-yo‘g‘i 20 foizi mamlakatimiz hududida hosil bo‘ladi.

Joriy yil kuz-qish va bahor oylarida yog‘ingarchilik yaxshi bo‘ldi. Shuning hisobiga, Suv xo‘jaligi vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra 2024-yilning 19-aprel holatiga ko‘ra respublikamizdagi suv omborlariga jami 10 mlrd 7 mln kub metr (2023-yilning mos davriga nisbatan 12 foizga ko‘p) suv resurslari yig‘ildi. Joriy yilning 1-apreldan yozgi sug‘orish mavsumi boshlangan bo‘lib, hududlarga belgilangan limit asosida suv yetkazib berilmoqda.

O‘zbekiston “Amudaryo” va “Sirdaryo” daryolari havzasida joylashgan bo‘lib, soha olimlari va mutaxassislar tomonidan
1980-yillarda O‘zbekistonning bir yillik suv iste’moli 64 mlrd m3 deb hisob-kitob qilingan.

Mintaqada so‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishi, qor va yomg‘irlarning kam bo‘layotganligi, muzliklarning va yirik daryolar havzalarida, kichik daryo va soylarda suv sarfining kamayib borayotganligi, shuningdek, transchegaraviy suvdan foydalanish muammolari tufayli respublikada o‘rtacha yillik 51 – 53 mlrd m3 (97,2 foizi daryo va soylardan, 1,9 foizi kollektor tarmoqlaridan, 0,9 foizi yer ostidan) suv resurslaridan foydalanib, ajratilgan suv olish limitiga nisbatan 20 foizga qisqargan.

Gidrometeorologiya xizmati agentligining tahlili va dastlabki baholashga ko‘ra Amudaryo va Sirdaryo havzalarining ko‘pchilik daryolarida 2024-yil sug‘orish mavsumida kutilayotgan suv miqdori me’yorga nisbatan Qashqadaryo daryosida 70-80 foiz, Vaxsh, Surxondaryo, Zarafshon, Qoradaryo, Chirchiq va Ohangaronda 80-90 foiz, Farg‘ona vodiysi shimolidagi daryolar va Norin daryosida 85-95 foiz, Farg‘ona vodiysi janubidagi daryolarda 95-105 foiz bo‘lishi kutilmoqda.

Kanallarni betonlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sohani raqamlashtirish, suvni samarali boshqarish hisobiga mamlakatimizda har yili 7 mlrd m3 atrofida suv iqtisod qilinayapti. Ob-hayot tejamkorlik bilan, hisob-kitob asosida yetkazib berilayotgani natijasida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil olinayapti.

Suv tanqisligiga kurashish O‘zbekiston hukumati oldidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Sug‘orish tarmoqlarida suv yo‘qotishlarini kamaytirish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan 2024-yil suv xo‘jaligi tizimida “Kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” deb e’lon qilindi.

Joriy yilda 5 ming km sug‘orish tarmoqlari, shundan 1,5 ming km magistral va xo‘jaliklararo hamda 3,5 ming km ichki tarmoqlarni betonlash vazifasi qo‘yilgan.

Kanallarni betonlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sohani raqamlashtirish, suvni samarali boshqarish hisobiga 2024-yilda 8 mlrd m3 suvni iqtisod qilish ko‘zda tutilgan.

2024-yil boshidan 554,5 km magistral va xo‘jaliklararo kanallarga tegishli jami 75 ta loyiha bo‘yicha 413,9 mlrd so‘m mablag‘lar to‘lab berildi va ularning 405,6 mlrd so‘mi o‘zlashtirildi.

Buning hisobiga bugungi kun holatiga ko‘ra 518,2 km kanallar rekonstruksiya qilindi, shundan 351,7 km qismi betonlashtirildi. Bu borada qilinayotgan ishlar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari tomonidan nazoratga olingan.

Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, Ibrohim Dushanov (video), O‘zA