Davlatimiz rahbarining 2023-yil 8-sentyabrdagi “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ekologik jihatdan noqulay mintaqalarda yashovchi aholi uchun “Salomatlik” poyezdlarini tashkil etish yo‘li bilan chekka tumanlarda yashovchilarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida “Sog`lom avlod uchun” fondi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasining chekka hududlariga “Salomatlik” poyezdi tashkil etdi.
Navbatdagi “Salomatlik” poyezdidagi yuqori malakali shifokorlar guruhi aholiga zarur tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida 24-aprel kuni Nukus temir yo‘l vokzaliga yetib keldi. Ular bilan birga fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi xodimlari ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Ushbu insonparvarlik yordami oziq-ovqat, dori-darmonlar, sanitariya-gigiyena vositalari, ko‘zoynaklar, vitaminlardan iborat muruvvat yordamlaridan tashkil topgan.
Mazkur poyezd o‘z rejasi davomida borishi ko‘zda tutilgan Qo‘ng‘irot, Jasliq, Qoraqalpog‘iston stansiyalariga yaqin hududlardan tashqari, fondning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filiali ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadasi orqali hududdagi markaziy shifoxonalar, viloyat bolalar va tug‘ruq komplekslariga hamda ko‘zi ojiz, aqli zaif va kar-soqov bolalar maxsus maktab-internatlariga o‘z yordamini ko‘rsatishi rejalashtirilgan.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ekologik jihatdan noqulay sharoitda istiqomat qiluvchi aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, shuningdek, chekka qishloqlarda yashayotgan ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirish hamda muruvvat harakatini rivojlantirish ishiga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etishdir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri