Avval xabar berilganidek, Jahon banki «O‘zbekiston binolari uchun toza energiya» loyihasi uchun 143 million dollar imtiyozli kredit ajratmoqda. 2023-2028-yillarga mo‘ljallangan ushbu loyiha Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, 800 dan ortiq ijtimoiy soha obyektlari modernizatsiya qilinadi va ta’mirlanadi.

Kuni kecha o‘tkazilgan ushbu loyiha taqdimotida mahalliy va xalqaro ekspertlar bu borada amalga oshiriladigan ishlar va kutiladigan natijalar yuzasidan O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

Umid Mamadaminov, Energetika vaziri o‘rinbosari:

– Xabaringiz bor, Energetika vazirligi tomonidan ishlab chiqarishda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ya’ni, bunda «yashil» energetikani rivojlantirishga asosiy urg‘u berilayotir. Bugungi kunda yana bir muhim masala, bu – ishlab chiqarilgan energiyaning tejamkor iste’mol madaniyatini oshirishdir. Aynan binolarning energiya tejamkorligi davr talabi, deyish mumkin.

Ta’kidlaganimizdek, mamlakatimizda energiya iste’molining 50 foizi binolar sektoriga to‘g‘ri keladi. Aksariyat jamoat binolari 1970-1980-yillarda energiya samaradorligi standartlarini hisobga olmagan holda qurilgan. Ulardagi issiqlik izolyatsiyasi yomon holatda bo‘lib, harorat bo‘yicha qulaylik standartlariga javob bermaydi.

Jahon banki «O‘zbekiston binolari uchun toza energiya» loyihasi uchun 143 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratyapti. Bugun ushbu loyihaning taqdimotini o‘tkazdik.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-martdagi «Jahon banki ishtirokidagi «O‘zbekiston binolari uchun toza energiya» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida amalga oshiriladi. Loyihani tatbiq etishda Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi bevosita mas’ul hisoblanadi.

Loyihani amalga oshirish davomida 2023-2028-yillar mamlakat bo‘ylab 800 dan ortiq ijtimoiy soha obyektlari, jumladan, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, shifoxonalar va poliklinikalar energiya samaradorligini oshirish maqsadida modernizatsiya qilinadi va ta’mirlanadi. Bundan ko‘zlangan maqsad esa ijtimoiy obyektlarda elektr energiyasidan tejamkor va samarali foydalanish qaratilgan.

Yildirim Turkel, «O‘zbekistonda binolar uchun toza energiya» loyihasi menejeri:

– «O‘zbekistonda binolar uchun toza energiya» loyihasi 2023-yildan 2028-yilgacha davom etadi va besh yillik loyiha faoliyatining oxiriga qadar O‘zbekiston bo‘ylab 800 ga yaqin binolar ta’mirlanadi. Biz, birinchi navbatda, Energetika vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek, Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda ish olib borib, shifoxonalar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar binolarini ta’mirlashni rejalashtirmoqdamiz.

Shunday qilib, biz O‘zbekistondagi loyiha boshqaruvi qo‘mitasi bo‘lib, O‘zbekiston va benefitsiar muassasalarga o‘z xizmatlarimizni taqdim etayotganimizdan xursandmiz. Shuning uchun loyiha energiya auditi, loyihalash va qurilish bosqichlarida davom etadi.

Aytganimdek, O‘zbekistonning barcha 12 viloyatida 800 ga yaqin bino yoki 1000 ta binoni ta’mirlaymiz. Ayni damda Toshkent viloyatidan boshlaymiz, keyin esa Qoraqalpog‘iston va Jizzaxga boramiz. Shu asosda loyihani tatbiq etamiz.

Murat Husgur, «O‘zbekistonda binolar uchun toza energiya» loyihasining xaridlar bo‘yicha xalqaro konsultanti:

– «O‘zbekistonda binolar uchun toza energiya» loyihasini O‘zbekistonda amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan juda mamnunman. Chunki u nafaqat jamoat binolarida, balki butun mamlakat bo‘ylab energiya samaradorligini oshirish uchun ajoyib imkoniyatdir.

O‘zbekiston energiya samaradorligi sohasida ulkan salohiyatga ega. Mamlakatning quyosh salohiyati juda yuqori va bu uning tabiiy resursi sifatida gaz iste’molini kamaytirish uchun yaxshi imkoniyat hisoblanadi. Samaradorlikni oshirish mamlakatga uni boshqa davlatlarga sotish imkonini beradi. Bu esa daromadni yanada oshiradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Markaziy Osiyo energetika korporatsiyasining a’zosi hisoblanadi. Shuning uchun energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish yoki boshqacha aytganda, O‘zbekistonda energiya iste’molini kamaytirish mamlakatning boshqa hamkorlik davlatlari orasidagi o‘rnini mustahkamlaydi.

Ushbu loyihada biz faqat jamoat binolarini qo‘llab-quvvatlaymiz, ammo O‘zbekiston energetika sektoriga bundan ham ko‘proq mablag‘ yo‘naltirilishi kerak. Bu ham loyihani Energetika vazirligi bilan birgalikda yakunlaganimizdan so‘ng sa’y-harakatlarimizning davomi sifatida kutmoqdamiz.

Shunday qilib, loyiha samaradorligi eng yuqori standartlarga ega bo‘ladi va biz turli kompaniyalar bilan ishlash madaniyatini yaratishga, masalan, ishga ko‘p tarmoqli yondashishga, O‘zbekiston uchun yaxshiroq imkoniyatlar, yaxshi tejamkorlik, yaxshi salohiyat yaratishga intilamiz.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva  

yozib oldi.