Hayvonot va o‘simlik dunyosini asrash borasidagi sa’y-harakatlarga qaramay, noqonuniy ov qilish, hayvon va baliqlarni taqiqlangan ov qurollari vositasida ovlash kabi holatlar yuz bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilning o‘tgan 3 oyi mobaynida 39 ta holatda elektr toki bilan, 436 ta holatda to‘r bilan noqonuniy baliq ovlash holatlari aniqlangan. Bu kabi holatlar nafaqat baliqlar, balki suvdagi barcha katta-kichik jonzotlarning qirilib ketishiga sabab bo‘ladi. Bu esa sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Amaldagi qonunchilikda taqiqlangan ov qurollaridan, jumladan, elektr qarmoqda baliq ovlash taqiqlangan. Xususan, «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunda suv havzalarida maxsus ruxsatnomalarsiz baliq ovlash va bunda taqiqlangan qurollarni, shuningdek, ovlash usullarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 90-moddasida esa ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan bo‘lib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 15 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

«Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 27-moddasida esa ov qurollarining taqiqlangan turlaridan va usullaridan foydalangan holda ov qilish g‘ayriqonuniy ov qilish (brakonerlik) deb e’tirof etilgan.

Xorijiy mamlakatlarning bu boradagi tajribasi, qonun hujjatlari o‘rganib chiqilganda, xususan, Qozog‘iston Jinoyat kodeksida noqonuniy ov qilganlik uchun muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish, mol-mulkini musodara qilish yoki olti yildan o‘n yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish kabi jazo choralari belgilanganligi ma’lum bo‘ldi.

Parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi, O‘zbekiston «Adolat» SDP fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamkorligida «Brakonerlikka qarshi kurashning institutsional asoslarini takomillashtirish» mavzusidagi davra suhbatida brakonerlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, amaldagi qonunchilik holatini tahlil qilish va takliflar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida deputatlar va mutaxassislar tomonidan hayvonot dunyosi obyektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritish zarurligi aytildi. Taqiqlangan qurollar, vositalar yoki usullar bilan (portlovchi va kimyoviy moddalar, biologik preparatlar, elektr qarmoqlar) ov qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish taklifi bildirildi. Shuningdek, ov qilish va baliq ovlash qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdorini oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi.

Darhaqiqat, mazkur sohada javobgarlik kuchaytirilishi taqiqlangan qurollar, elektr toki, portlovchi va kimyoviy moddalar hamda biologik preparatlarni qo‘llagan holda ov qilish kabi huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishda alohida o‘rin tutadi.

Muhtarama Komilova, O‘zA