Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida O‘zbekistonda o‘tkazilgan Osiyo xotin-qizlari forumi samarali bo‘ldi.

Unda Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingani, endilikda shu asosda mintaqaviy miqyosda xotin-qizlar hayotini yanada yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar ro‘yobga chiqarilishi e’tirof etilmoqda.

Forumda ishtirok etgan nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari bunday xayrli ishlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirdi.

Forumdan keyin nufuzli mehmonlar Prezidentimiz, Senat Raisi bilan uchrashuv o‘tkazib, aynan shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish bo‘yicha muloqot qildi.

Jumladan, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, “BMT Ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus o‘tkazilgan uchrashuvlarda hamkorlik asosida gender tenglikni ta’minlash hamda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni e’tirof etdi. Ularning amaliy natijalarini yanada ko‘paytirish zarurligiga urg‘u berildi.

*** 

Yevropa komissiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Bosh direktorati inson taraqqiyoti, migratsiya, boshqaruv va tinchlik boshqarmasi direktori Erika Gerretsen ham Senatga tashrif buyurdi.

Senat Raisi T.Norboyeva bilan uchrashuvda tomonlar inson taraqqiyoti indeksi, BRMni amalga oshirish, xavfsiz mehnat migratsiyasini tashkil etish kabi sohalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi.

***

Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong va Senat Raisi Tanzila Norboyeva o‘zaro hamkorlikning amaliy jihatlarini muhokama qildi. Kelgusi yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi tashkiliy jarayonlari yuzasidan fikr almashildi.

*** 

Senatda o‘tgan Kipr Respublikasi tashqi ishlar vaziri Konstantinos Kombos bilan suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish hamda parlamentlararo aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari diqqat-markazida bo‘ldi.

 

N.Abduraimova,

O‘zA