Italiyaning «Roma» klubi sport direktori Tyago Pinto tomonidan amalga oshirilgan, lekin jamoaga kutilgan foyda keltirmagan transferlar muhokama qilindi.

Gap shundaki, «Roma»ga egalik qiluvchi Fridkinlar oilasi Tyago Pinto tanlagan futbolchilarni poytaxtga olib kelish uchun mo‘maygina xarajat qilishiga to‘g‘ri kelgan. Biroq, «Roma»ni Joze Mourinyu boshqargan davrda yangi olib kelingan futbolchilarning aksariyati kutilgan natijani bermadi. Maoshlar, bonuslar, komissiyalardan tashqari 13 nafar yangi ijrochi uchun jami 110 million yevro sarflangan.

Bu hodisalarning biz uchun ahamiyatli jihati shundaki, Tyago Pinto katta transferlar doirasida Eldor Shomurodov uchun 20 million yevro sarflagan. Biroq, «Roma» klubi Eldor Shomurodov transferi uchun «Jenoa»ga kelishilgan summani to‘liq to‘lab bergani yo‘q. Rimliklar o‘zbek hujumchisi uchun genuyaliklarga bu yil hisobidan 4 million yevro o‘tkazib berishi shart. Kelasi yili ham xuddi shu miqdordagi mablag‘ to‘lanishi talab etiladi. Ya’ni, poytaxtliklar ikki yil ichida Eldor Shomurodov transferidan 8 million yevro qarzini yopishiga to‘g‘ri keladi.

***  

Madridning «Real» klubi va Avstriya terma jamoasi himoyachisi David Alaba 2024 yilgi Yevropa chempionatigacha tiklanishga ulgurmaydi. Tajribali himoyachi dekabr oyi o‘rtalaridan beri maydonga tusha olmayapti. U 17 dekabr kuni «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda tizzasidan jiddiy jarohat olgan edi. Endi futbolchi kelasi mavsum boshida safga qaytadi.

Ammo Alaba jamoasi bilan “Evro-2024″ga borishi mumkin. “Relevo” nashrining xabariga ko‘ra, Avstriya bosh murabbiyi Ralf Rangnik jarohat olgan himoyachiga terma jamoa rasmiy delegatsiyasi tarkibida turnirda ishtirok etish uchun murabbiylar shtabidan vaqtinchalik lavozim taklif qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Evro-2024″da Avstriya Niderlandiya, Fransiya va Polsha terma jamoalari bilan bir guruhdan joy olgan.

***

Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti yana bir necha yil rahbarlik lavozimida qolishi mumkin. Bu haqda Tailandning Bangkok shahrida o‘tkazilgan tashkilotning 34-Kongressida ma’lum qilindi. Amaldagi yetakchi Shayx Salmon 2013 yilning 2 mayidan buyon prezidentlik lavozimida faoliyat olib boradi va uning vakolati 2027 yilga qadar amal qiladi.

Biroq FIFA prezidenti Janni Infantino uning 2031 yilga qadar qolishiga ijozat berdi, bu esa rahbarlik nizomiga o‘zgartirish kiritilganidan darak beradi.

***

Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» klubi futbolchisi Neymar jarohatidan forig‘ bo‘ldi.

Braziliyalik hujumchi mamlakat terma jamoasi safida “JCH-2026” saralash bosqichi doirasidagi Urugvayga qarshi o‘yinda jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqqandi.

Ayni paytda u tiklanish mashg‘ulotlarini olib bormoqda. So‘nggi tibbiy ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchining holati yaxshi.

Neymar yozda yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun klub safiga qo‘shiladi.

***  

Belgiyalik sobiq futbolchi Eden Azar Angliyaning «Chelsi» klubiga daromad keltirdi. Azar butsalarini «mixga ilgan» bo‘lsada, uning «Real Madrid» bilan shartnomasi o‘z kuchida qolmoqda.

Belgiyalik futbolchi 2019 yil «Chelsi»dan «Real»ga 130 million funt sterling evaziga o‘tgan va besh yillik shartnoma imzolagan. Shuningdek, madridliklar qo‘shimcha bonuslar to‘lagan. Shunday bonuslardan biri ispanlarning Yevropa chempionlar ligasi finaliga chiqishini o‘z ichiga olardi va buning uchun «qaymoqranglilar» London klubiga salkam 6 million yevro o‘tkazib berishi kerak.

Shartnoma kuchi amalda bo‘lgan Eden ketma-ket jarohatlari tufayli o‘tgan mavsum atigi 10 ta o‘yinda maydonga tushib, yozda faoliyatini yakunlaganini ma’lum qilgandi.

***

Janubiy Koreya K-ligasi 12-turidan o‘rin olgan «Inchxon Yunayted» — «Seul» uchrashuvida mezbon jamoa muxlislari tomonidan maydonga suv idishlar uloqtirildi. Bunga sabab, «Seul» darvozaboni Bak Jong Beomning raqib jamoa tarafdorlariga qilgan xatti-harakatlari bo‘ldi.

Mazkur hodisa uchun mezbon jamoa «Inchxon Yunayted» 20 million von (taxminan 15000 AQSH dollari) miqdorida jarimaga tortildi. Shuningdek, muxlislarni g‘azablantirgan «Seul» posboniga 7 million von (taxminan 5200 AQSH dollari) jazosi tayinlandi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA