NATO Bosh shtabi Bryusseldagi qarorgohda yig‘ilib, Ukrainaga yordam berishni tezlashtirish masalasini muhokama qildi.
Harbiy qo‘mita rahbari Robert Bauer raisligida o‘tgan yig‘ilishda 32 a’zo davlat shtab boshliqlari va Bosh kotib Yens Stoltenberg ishtirok etdi.
Bauyer Stoltenbergning vakolati muddati 1-oktyabrda yakunlangani va ushbu davra suhbatida shtab boshliqlari bilan oxirgi marta uchrashayotganini eslatdi. Shu bilan birga Shvetsiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Mikael Bayden, mamlakat 7-mart kuni Alyansga to‘laqonli qabul qilinganidan beri, ilk yig‘ilishda qatnashayotganiga e’tibor qaratdi.
Qayd etilishicha, majlisda ittifoqchi kuchlarga tegishli yangi mudofaa rejasi ishlab chiqilishi mumkin. Shuningdek, muhokamaga yuqori tayyorgarlik darajasiga qo‘shimcha qo‘shin joylashtirish, salohiyatni oshirish, qo‘mondonliklarni uyg‘unlashtirish, texnik xizmat ko‘rsatish, harbiy harakatchanlik, ta’minot va oldindan joylashtirish, jamoaviy mudofaa mashg‘ulotini ko‘paytirish kabi muhim masalalar qo‘yildi. Bundan tashqari NATO Harbiy qo‘mitasi rahbari Ukraina atrofidagi vaziyatga e’tibor qaratdi.
– Agar a’zo davlatlar NATO maqsadiga erishish yoki Ukrainani qo‘llab-quvvatlash o‘rtasidagi tanlov oldida turgan bo‘lsa, ikkinchisi tanlanishi kerak, – dedi Bauyer.
O‘z navbatida Stoltenberg shtab boshliqlari yig‘ilishida doim ishtiyoq bilan qatnashishi va har bir general bilan hamkorlikdan hamda Shvetsiyaning a’zoligidan mamnunligini yana bir bor takrorladi.
NATO Bosh shtabi tarkibi an’anaviy tarzda yiliga uch karra yig‘iladi: ikki bor Bryusselda va bir marta ittifoqchi davlatlardan birida. Avvalgi uchrashuv 17-yanvar kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan.
O‘zA