Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining «Yevropa davlatlariga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan «yo‘l xaritalari»ning ijro etilishi holati to‘g‘risida»gi axboroti eshitildi.

Unda deputatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-2024-yillar davomida Yevropa davlatlari, xususan, Vengriya, Fransiya, Germaniya va Italiyaga amalga oshirgan oliy darajadagi tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlar, 50 dan ortiq imzolangan hujjatlardagi vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishi holati atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Yevropa mamlakatlari, xususan, Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2023-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha strategik sheriklik to‘g‘risida bitim tuzilgan. O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya qabul qilingan.

Bundan tashqari, Vengriya bilan 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab, har yili «Stipendium Hungaricum» ta’lim grantlari dasturi doirasida Vengriya Hukumatining 90 ga yaqin mamlakatlarga ta’lim grantlari ajratilmoqda.

Fransiya bilan imzolangan Ahdlashuv protokoli hamda Ma’muriy kelishuv asosida oliy va professional ta’lim sohasida aloqalar kengaymoqda. Germaniya bilan joriy yil to‘rtinchi choragida ikki tomondan oliy ta’lim vazirlari raislik qiladigan «Hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiya»ning 5-yig‘ilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekiston – Italiya ta’lim forumini o‘tkazishga oid masalalar Italiya bilan kelishilmoqda.

Ayni vaqtda Vengriya, Germaniya, Italiya, shu bilan bir qatorda Buyuk Britaniya, Gretsiya, Shvetsiya, Litva, Lyuksemburg, Moldova, Monako, Polsha, Ruminiya kabi 12 ta davlat fuqarolari respublikamiz oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olmoqda.

Shuningdek, Yevropa mamlakatlaridan Vengriya va Fransiya, shu bilan birga Buyuk Britaniya, Ispaniya, Polsha hamda boshqa davlatlari bilan ikki tomonlama aloqalarni jadallashtirish, sohada doimiy o‘zaro muloqotni ta’minlash maqsadida «Rektorlar forumi» va «Ta’lim forumi» shaklidagi tadbirlar yo‘lga qo‘yilgan.

Qayd etilganidek, so‘nggi 5-yilda 22 ta xorijiy oliy ta’lim muassasalarining yurtimizdagi filiallari tashkil etildi va ularning soni 29 taga yetdi.

Eshituvda strategik hamkor davlatlar bilan ijtimoiy-gumanitar sohadagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan. Shu bilan birga, ayrim vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashda ayrim sabablarga ko‘ra kechikish yoki ijrosi ta’minlanmaganlik holatlari bilan bog‘liq kamchiliklar ham kuzatilayotgani qayd etilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.

M.Komilova, O‘zA