Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Bobolarimizning boy merosi va milliy qadriyatlariga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanamiz!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda qozoq, rus, ukrain va koreys madaniy markazlari hamda professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar tomonidan turli millat vakillarining milliyligini o‘zida aks ettirgan qo‘l hunari namunalari, milliy buyumlar va rasmlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

So‘zga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ezgu harakatlar natijasida 130 dan ziyod millat va elat vakili hamjihatlikda, inoq yashab kelayotganligi, har bir millatning o‘ziga xos milliy an’analari va urf-odatlarini asrab-avaylashga hamda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Joylarda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar xalqimizni, turli millat vakillarini, ayniqsa, yoshlarni ezgu maqsad yo‘lida birlashtirib, yurtimizdagi tinchlik va ahillikni yanada mustahkamlash uchun xizmat qilishi va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarini teran anglab yetgan holda Yangi O‘zbekistonni qurishga hissa qo‘shishga undashi aytildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan konsert dasturi namoyish etildi. Turli millat va elatlarning kuy-qo‘shiqlari barchaga yaxshi kayfiyat ulashdi. Tadbirda faol ishtirok etgan qozoq, rus, ukrain va koreys madaniyat markazlari vakillari filial rahbariyati tomonidan tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.