Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishida ishtirok etgan Amerika -O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga ham tashrif buyurdi.

K.Lemm xonim Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashdi.

Muloqot davomida tomonlar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shu jumladan, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Iqtisodiyotning barqaror o‘sishiga ko‘maklashadigan yirik va kichik investorlarni jalb etishga yordam beradigan mustahkam huquqiy bazani yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda biznes rivojini rag‘batlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun samarali faoliyat yuritadigan sud tizimi zarurligi ta’kidlandi.

Tomonlar huquqiy barqarorlik va ishonchlilik investitsiyalarni jalb qilishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.

Kerolin Lemmning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va xorijiy investorlar uchun kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan islohotlar xorijlik tadbirkorlarning mamlakatimizga ishonchini oshirib, ularda O‘zbekistonda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini uyg‘otmoqda.

Muloqot davomida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA