Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida ushbu loyiha doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, shoir va tarjimon Aziz Said hamda ajoyib hikoyalar muallifi, shoir Isomiddin Po‘latov, Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi Allanazar Abdiyevlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlar bilan olib borilgan samimiy muloqotda veterinariya va chorvachilik sohasida tahsil olayotgan talaba-yoshlar orasida ham adabiyotga oshno bo‘lgan iqtidorli talabalar bor ekanligi va ularga ijod bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida aytib o‘tildi.

– Inson qachon shakllanadi, qachonki, kitob mutolaa qilsa,– deydi shoir Aziz Said.– Muhabbat ham, ishq va do‘stlik rishtalari ham mana shunday uyg‘onadi, ya’ni kitob inson qalbidagi sof tuyg‘ularni tarbiyalaydi va shakllantirib boradi. Oddiy mutolaaga mehr berish orqali siz atrofingizga ma’rifat ulashish kabi eng ezgu amalni bajarishga erishasiz.

Uchrashuvda ijodkor talabalar so‘zga chiqib, shoirning she’rlaridan namunalar o‘qishdi.

“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasidagi uchrashuvlardan yana biri filialga biriktirilgan 34-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi. Shoir Isomiddin Po‘latov o‘quvchilar bilan suhbatlashdi. Ijodiy tadbir davomida qahramonimiz o‘quvchi-yoshlarni o‘zining ijod namunalari bilan tanishtirdi.

Davra suhbatlaridan so‘ng “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida filialning yer maydoniga shoir va yozuvchilar tomonidan ezgu niyatlar bilan daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Ijodkorlar qo‘llarini duoga ochib, ekilgan nihollar yaxshi unib chiqishi, og‘izbirchiligimiz bardavom bo‘lishini niyat qilishdi.

“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida filialning zukko va bilimdon talaba-yoshlaridan tarkib topgan jamoalar ishtirokida “Zakovat” intellektual o‘yini hamda “Munozara” debat o‘yinlari o‘tkazildi. O‘yinda filialga tashrif buyurgan mehmon shoirlar ijodiga oid savollar o‘ynaldi. Mehmonlar tadbirlarda bevosita ishtirok etib, talabalarning topqirligi va o‘tkir zehnga ega ekanligiga guvoh bo‘lishdi. G‘oliblar diplom va kitoblar bilan taqdirlanishdi.

Ijodkorlar talabalar turarjoyida istiqomat qiladigan yoshlar bilan bir piyola choy ustida dildan suhbatlashib, bugungi ijodiy muhit, kitob mutolaasi mavzulari bo‘yicha fikr almashdilar.

Kun davomida o‘tkazilgan tadbirlardan so‘ng filial talabalar turar joyida gulxan atrofida adabiy kecha tashkil etildi. Kecha davomida shoirlar bugungi ijodkorlar hayoti, ularning ijodiy faoliyati xususida so‘z yuritib, qiziqarli ma’lumotlarni keltirib o‘tishdi. Zamonaviy o‘zbek adabiyoti, yosh ijodkorlar haqida iliq fikrlarini bildirishdi.

– “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirlar yuksak saviyada tashkil etildi,– deydi Isomiddin Po‘latov.–Talabalar orasida ijodga va she’riyatga qiziqadigan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etishi bizni xursand qildi. Biz ijodiy hamkorlik qilishga va tavsiyalar berishga doim tayyormiz.

“Gulxan atrofi”da tashkil qilingan adabiy kecha samimiy muloqot bilan davom etdi. Talaba-yoshlar qoraqalpoq shoirlarining ijod namunalaridan o‘qishdi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirlar talaba-yoshlarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri