Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul xodimlari hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Li Min Jyong boshchiligidagi delegatsiya a’zolari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot jarayonida “O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash, o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha markaz hamda innovatsion davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish orqali maktabgacha ta’limda pedagog kadrlar salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi rejalar muhokama etildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida loyiha doirasida qator ishlar olib borildi. Jumladan, 6 ming nafarga yaqin o‘qituvchi va tarbiyachining malakasi kaskad usulida oshirildi, pedagoglar malakasini oshirish uchun 200 nafarga yaqin trenerlar tayyorlandi.
Joriy yilda loyiha doirasidagi qurilish ishlarini 80 foizga yetkazish, 500 nafar maktabgacha ta’lim sohasi pedagoglari malakasini oshirish hamda buning uchun 88 nafar trener tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, KOICA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha muddati 2026 yilga qadar mo‘ljallangan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA