Insonlar tabiatga azaldan qaram, ular tabiatsiz yashay olmaydi. Shuning uchun tabiatni asrashga barcha birdek mas’ul.

Joriy yilning yanvar-mart oylarida “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tadi. 13–17 yanvar kunlari tanlovning saralash, 20–31 yanvar kunlari esa sektor bosqichlari tashkil etiladi.

Tanlov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan har yili yanvar-mart oylarida o‘tkaziladi.

Tanlovda O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan 14 yoshga to‘lgan va 17 yoshdan oshmagan barcha yoshlar ishtirok etishi mumkin. Buning uchun o‘quvchilar o‘z ta’lim muassasalaridan 8 kishilik jamoa shakllantirishi va hududiy ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga onlayn ariza topshirishi lozim.

Tanlov 5 bosqichda o‘tkaziladi:

— saralash (ta’lim muassasasi), 13–17 yanvar;

— sektor, 20–31 yanvar;

— tuman (shahar), 3–14 fevral;

— hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri), 17–28 fevral;

— respublika bosqichi 10–19-mart.

Agar guruhlar o‘rtasida umumiy ballar teng kelib qolsa, 1, 2  va 3-o‘rinlar sardorlar bellashuvi orqali hal etiladi. Sardorlarga 10 ta blits savollari beriladi. G‘olib va ishtirokchilar diplomlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Bu kabi tanlovlar yoshlarning ekologik huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash, huquqiy immunitetni shakllantirishga xizmat qiladi.

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA