Vashington Kiyevga yangi harbiy yordam paketi ajratishi e’lon qilindi. Ayni miqdor 500 million dollarni tashkil etadi. Bu haqda Amerika Qo‘shma Shtatlari mudofaa vaziri Lloyd Ostin lavozimini tark etishdan oldin oxirgi marta Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhi – “Ramshteyn” formatidagi uchrashuvga rahbarlik qilish uchun Germaniyaga kelganda bayonot berdi.
– Bu galgi ko‘mak to‘plamidan havo mudofaasi uchun ko‘proq raketa va Ukrainadagi F-16 samolyotlarini qo‘llab-quvvatlashda qo‘shimcha havo-yer qurilmalari va boshqa jihozlar o‘rin oladi, – dedi Ostin. – Ramshteynda biz Ukrainada erkin va xavfsiz yashash, yanada adolatli, munosib hayot yaratish uchun qo‘limizdan keladigan barcha ishni qilishga so‘z berdik. Birgalikdagi ishimizni davom ettirishimiz kerak. Asosiy haqiqat shuki, Ukrainaning kurashi barcha ittifoqchilar uchun muhim. Mazkur guruhni boshqarish mening hayotim, faoliyatimdagi eng muhim, sharafli vazifalardan biri bo‘ldi.