Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2022 yil 2 martda plastik bilan ifloslanishni qisqartirish, dengiz muhitini va ekotizimni muhofaza qilish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilingan. Uning asosiy tamoyillari etib plastikdan foydalanishni kamaytirish, “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyilini joriy etish, qayta ishlatish va qayta ishlashni o‘z ichiga olgan aylanma iqtisodiyotga o‘tish belgilangan.
Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari hamda “Barqaror rivojlanishga ko‘maklashish” markazi tadqiqotlari va takliflariga ko‘ra, plastik chiqindilarni boshqarishda ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarga “kengaytirilgan majburiyat” tizimini qo‘llash tavsiya etilgan.
Yevropa Ittifoqining “Chiqindilar to‘g‘risida” hamda “Qadoqlash va qadoqlash chiqindilari to‘g‘risida”gi direktivalariga muvofiq, mahsulotlarni yig‘ish, qayta ishlash va yakuniy utilizatsiya qilish majburiyatlarini mazkur mahsulotni ishlab chiqaruvchiga yuklovchi tamoyili joriy etilgan. Shu yo‘sinda ishlab chiqaruvchi atrof-muhit uchun bezarar qadoqlash turlaridan foydalanishi rag‘batlantiriladi. Ushbu tizimning tatbiq etilishi tajribasini Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlari hamda Rossiya, Belarus va Qozog‘iston misolida kuzatish mumkin.
Mamlakatimizda 2025 yil 1 noyabrgacha plastik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar hamda import qiluvchilarga o‘zlari ishlab chiqargan va import qilgan mahsulotlardan hosil bo‘ladigan chiqindilarni utilizatsiya qilish majburiyatini yuklash bo‘yicha me’yoriy hujjat loyihasini ishlab chiqish taklif etilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasida shu haqda ma’lum qilingan.
Farmon loyihasi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi onlayn portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Loyiha 2025 yil 22 yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlar muhokamalaridan o‘tkaziladi.
Taklif etilayotgan yangi tizim 2026 yildan boshlab amaliyotga tatbiq etilishi mumkin. Bunda plastik mahsulot ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilar yoki qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan plastik chiqindilarni yig‘ib olish, saralash va qayta ishlash tashkil etiladi. Yirik savdo ob’ektlari, supermarket, gipermarket, bozorlarda plastik taralarni qabul qiluvchi uskunalar o‘rnatiladi. Korxonalar va import qiluvchilar uchun bosqichma-bosqich ishlab chiqaruvchilarning kengaytirilgan majburiyatini yuklash tizimi amaliyotga tatbiq etiladi.
Misol uchun, alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi korxona plastik taralarini 2026 yildan 50, 2027 yildan 75 va 2028 yildan 100 foizga utilizatsiya qilish majburiyatini oladi.
Xo‘sh, natija qanday bo‘ladi?
Ushbu tizimning amaliyotga joriy etilishi yiliga 1,2 million tonna plastik chiqindilarni qayta ishlash va takror foydalanishga jalb qilish yo‘li bilan ikkilamchi moddiy resurslarning to‘planishi va foydalanilishi darajasini oshirishga xizmat qiladi, deyiladi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lumotida.
Chiqindixona va poligonlarga joylashtiriladigan chiqindilar miqdorini qisqartirish hamda poligonlarning foydalanish muddatini uzaytirish ham bu jarayonda muhimdir. Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, chiqindilarning hosil bo‘lishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishining hajmi bo‘yicha aniq statistik ma’lumotlar shakllantiriladi. Plastik mahsulotlarni to‘liq qayta ishlashga jalb etish issiqxona gazlarini (SO(2) 75 foizgacha qisqartirishga imkon beradi.
Chiqindilarni qayta ishlovchi mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash bo‘yicha yangi quvvatlarni rivojlantirish ham bu boradagi asosiy maqsad sanaladi. Plastik chiqindilarning inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish orqali yuqori nafas yo‘llari, asab tizimi, yurak-qon tomir va allergik kasalliklarning qisqartirilishiga erishiladi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA