O‘zA “Tashqi diplomatiya” rukni orqali davlatimizning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari va konsullik markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, elchilarimiz tomonidan iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarni tahlil qilishda davom etadi.
Lyuksemburg. O‘zbekiston elchisi G‘ayrat Fozilov (qarorgohi Bryussel shahrida) Lyuksemburg Valiahd Buyuk Gersogi Giyom (Vilgelm)ga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Marosim doirasida bo‘lib o‘tgan suhbatda Valiahd Buyuk Gersog O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Muloqot chog‘ida, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Yaponiya. Tokiodagi elchimiz Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Kanagava prefekturasi gubernatori Yuji Kuroiva bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida Kanagava prefekturasi bilan mamlakatimiz hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Hindiston. Dehlidagi elchimiz Sardor Rustamboyev Mumbay shahrida Maharashtra shtati gubernatori Chandrapuram Radhakrishnan bilan uchrashib, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi keng qamrovli, jumladan, hududlararo hamkorlikning bugungi holati, Maharashtra shtati bilan iqtisodiyot, savdo-sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm, tibbiyot, ilm-fan va ta’lim hamda boshqa sohalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha atroflicha fikr almashdi.
Diplomat shuningdek, Hindistonning yirik zargarlik korxonalaridan biri hisoblanadigan “Gold Star Jewellery” kompaniyasi direktori Ashish Shoh bilan O‘zbekiston va mazkur kompaniya o‘rtasida zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasini ham muhokama qildi.
Vengriya. Yaqinda Budapeshtdagi elchimiz Oybek Shaxavdinov Vengriya Bosh vazirining milliy xavfsizlik bo‘yicha bosh maslahatchisi idorasining strategik masalalar bo‘yicha direktori Marton Shyoberl, xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Dyula Somodji va strategik masalalar bo‘yicha maslahatchisi Piter Vagner bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida asosiy e’tibor xavfsizlik sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratildi. Tomonlar milliy va xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘shma ishlarni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Muharrama Pirmatova tayyorladi.
O‘zA