Davlat organlarining hisobdorligi, ochiqligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida vakillik organlarining ta’sirchan nazorati yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xususan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga qirqdan ortiq qo‘shimcha vakolat berildi.

Davlatimiz rahbarining 2024-yil 2-fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni bu borada muhim qadam bo‘ldi. Shu asosda “Kuchli kengash, tashabbuskor va hisobdor hokim” tamoyili asosida xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyati yanada kuchaytirildi.

Mazkur hujjatda O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan.

Oliy Majlis Senati tomonidan Konsepsiya ishlab chiqilishini tashkil etish komissiyasi va har bir yo‘nalish bo‘yicha soha mutaxassislaridan alohida ishchi guruhlar tashkil etildi.

Parlament yuqori palatasida Senati Raisi Tanzila Norboyeva rahbarligida tashkil etilgan komissiya majlisida Konsepsiya loyihasini ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.

Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini tom ma’nodagi hokimiyat institutiga aylantirishni nazarda tutadigan Konsepsiyada e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlar belgilab olindi.

Xalq deputatlari kengashlarining samarali faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilayotgan omil va sabablarni chuqur tahlil qilish, vakillik organlari faoliyatiga oid xorijiy tajribani o‘rganish lozimligi ta’kidlandi.

Konsepsiyada mahalliy kengashlar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish orqali deputatlar hamda saylovchilar o‘rtasida elektron muloqot maydonini yaratish masalasi aks etadi.

Konsepsiya hamda uni amalga oshirish bo‘yicha tegishli “yo‘l xaritasi” loyihasining keng jamoatchilik vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokamalarini tashkil etish kabi vazifalar belgilab olindi.

 

N.Abduraimova, O‘zA