Yo‘l – hamroh, u aloqaning muhim bir turi. Umrimizning ma’lum qismi unda o‘tadi. Shuning uchun ham yoshi ulug‘larimiz yo‘llaring ravon, yo‘ldoshing yaxshi bo‘lsin, deb duo qiladi.

Mahallaning tuproq ko‘chasiga o‘z hisobidan shag‘al to‘shagan tadbirkorning ishiga Yaratgandan baraka so‘rayotganlarni ko‘rgansiz. Umra ziyoratiga atagan mablag‘ini maktabga eltadigan yo‘lni “kesib” qo‘ygan anhor ustiga ixchamgina ko‘prik qurishga sarflaganlar haqida eshitganmiz. Yo‘l qurganni el hamisha aziz sanagan.

Qariyb 210 ming kilometrlik masofa – yurtimizdagi avtomobil yo‘llari tarmog‘ining uzunligi shuncha. Bu kichkina raqam emas, uning ma’lum kilometrlari umumfoydalanuvdagi, ichki, xo‘jaliklararo, qishloq, shahar avtomobil yo‘llari kabi qismlarga bo‘linib ketadi.

Birgina shu raqamdan yo‘lsozlik mashaqqatli va katta mablag‘ talab etadigan soha ekanligini anglash qiyin emas. Bu borada islohotlar qilish oson kechmasada samarali loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, keyingi yillarda yo‘lni ta’mirlash va qurish uchun yo‘naltirilayotgan mablag‘ miqdori uch hissagacha oshirildi. Yo‘lsozlik yo‘nalishidagi korxonalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Ilk bor asfalt yotqizilgan mahalla yo‘llari soni uch mingtadan oshdi, ikki mingta tuproq yo‘llarga shag‘al to‘shaldi.

Raqamlar salmoqli, lekin hali qilinadigan ishlar talay. Buni jamoatchilik fikrlari, “Tashabbusli byudjet” kabi loyihalarda aholining faolligi ham yaqqol ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-aprelda “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Mutaxassislar ushbu hujjat mamlakat yo‘l qurilish sohasida islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidlashmoqda. Xususan, xalqaro standartlarga javob beradigan sement-beton qoplamali ichki yo‘llarni qurish, qishloq avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirishda muhim loyihalar amalga oshiriladi. Shuningdek, qishloq hududlarida yashaydigan aholining umumiy avtomobil yo‘llariga chiqish sharoitlari yaxshilanadi.

– Qaror bilan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi 86 ta tumandagi 272 ta mahallada yo‘llar yangilanadi, – deydi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Nazarov. – Bu yo‘llarning umumiy uzunligi 841 kilometr bo‘lib, ular sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi. Qurilish va boshqa zarur ishlar mahalliy pudratchilar tomonidan amalga oshiriladi. Yo‘llar foydalanishga qabul qilingach bosh pudratchi tomonidan besh yil davomida kafolatli soz holatda saqlanadi. Ekspluatatsiya qilinadi. Bu chora-tadbirlar yo‘llarning uzoq muddat xizmat qilishini ta’minlaydi. Loyihalar amalga oshiriladigan mahallalarda bugungi kunda 770 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Yo‘llarning yaxshilanishi shuncha odamning yashash tarzi yaxshilanishiga xizmat qiladi. Hududga kelib-ketuvchilarga qancha qulaylik yaratadi. Infratuzilmaning yaxshilanishi tadbirkorlik muhitini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Loyihaning umumiy qiymati qariyb 305 million dollar bo‘lib, uni amalga oshirishda Osiyo taraqqiyot bankining ulushi 240 million dollarni, O‘zbekiston Respublikasining ulushi esa 64,9 million dollarni tashkil etadi.

Osiyo taraqqiyot bankining bu qarz mablag‘i 5-yillik imtiyozli davr bilan 25-yilga yillik 2 foiz stavkada ajratiladi. Loyihani amalga oshirish muddati to‘qqiz yil bo‘lmoqda. Jumladan, qurilish ishlari to‘rt yil hamda saqlash, ekspluatatsiya qilish ishlari esa besh yil etib belgilangan.

Amaliyotda ichki yo‘llar tuproq, shag‘al va asfalt-betondan iborat. Osiyo taraqqiyot banki hamda xalqaro konsultantlar bilan hamkorlikda ushbu yangi konstruksiya – yo‘llarni sement-beton qoplama bilan yangilash loyihasi ishlab chiqildi. Xo‘sh, bunday yo‘llarning sifati qanday bo‘ladi?

Mutaxassislar sement-beton qoplama bilan yangilangan yo‘llar ellik yilgacha xizmat qilishi kafolatlanadi deyishmoqda.

– Yo‘l qurilishi obyektlarida loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlari Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi, – deydi “Sement-beton ichki yo‘llarni

qurish” loyihasi rahbari Abduhakim Jumanqulov. – Oldingi loyihalarda texnik nazorat xalqaro konsultant korxonalar tomonidan olib borilgan. Mahalliy konsultant korxonalarimiz ularga yordamchi sifatida qatnashgan. Ilk bora bu jarayonga o‘zimizning mutaxassislar jalb qilinmoqda. Natijada yurtimizda bu soha ham rivojlanadi, mutaxassislar sinfi taraqqiy etadi.

Sement-beton qoplamali yo‘llarni qurish mamlakatimiz uchun yangi tajriba. Shuni inobatga olgan holda quruvchilar tomonidan har bir obyekt foydalanishga topshirilgandan so‘ng besh yil davomida kafolatli xizmat ko‘rsatiladi. Shu davrda yo‘l buzilib ketsa o‘z mablag‘lari hisobidan loyihadagiday ta’mirlaydi. Buning uchun ularning o‘n foizlik kafolatli mablag‘lari ushlab turiladi va bosqichma-bosqich to‘lab boriladi. Uning tegishli tartibi ishlab chiqilgan. Belgilangan besh yil davomida yo‘l sifatli xizmat qilsa qolgan mablag‘ to‘lab beriladi.

Shu o‘rinda avtomobil yo‘llarini qurishda rivojlangan mamlakatlar tajribasiga to‘xtalish o‘rinli. Xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida transport vositalari yo‘llarining oltmish foizi sement-beton qoplamali. Bu ko‘rsatkich Avstriyada 46, Germaniyada esa 38 foizni tashkil etadi. Keyingi yillarda Xitoy, Yaponiya kabi davlatlarda ham sement-beton yo‘llarni qurish hajmi ortmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday yo‘llarning iqtisodiy samaradorligi ham yuqori. Ulardan ko‘proq muddat ta’mirsiz foydalanish imkoni bor. Asfalt neftni sanoat usulida qayta ishlash yo‘li bilan olinadi. Betonni olish jarayoni esa nisbatan soddaroq. Uning tarkibiy qismida zararli kimyoviy moddalar deyarli yo‘q. Sement, shag‘al, tosh va qum mamlakatimizning barcha hududlarida ishlab chiqariladi. Masalaning yana bir muhim jihati, beton zavodlarni mos hududga ko‘chirish imkoni bor. Bu mahsulotni tashish bilan bog‘liq xarajatlarni qisqartirishga xizmat qiladi.

Bunday yo‘llar katta o‘lchamli, og‘ir transport vositalari harakatiga chidamli. Harakatlanayotgan transport vositalari yigirma foizgacha kam yonilg‘i sarflashi aytilmoqda. Bu qoplama noqulay ob-havo sharoitlariga ancha chidamli.

Qarorda masalaning yana bir jihatiga alohida e’tibor qaratilgan. Sement-beton qoplamaga o‘tkaziladigan yo‘llarning chetiga manzarali daraxt va terak ko‘chatlari ekiladi. Ularning parvarishi doimiy nazoratda bo‘ladi.

Yo‘llarning ravonligi manzillarni yaqin qiladi, qimmatli vaqtimizni tejaydi, xavfsizligimizni ta’minlaydi. Muhim soha – yo‘lsozlikda amalga oshirilayotgan har bir loyiha aholi farovonligiga xizmat qilishi shubhasiz.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri